воскресенье, 2 декабря 2018 г.

Ekzekvatura nima?

Ekzekvatura - patent olgan konsulga uni qabul qiluvchi chet el davlatining vakolatli organi beradigan hujjat (ruxsatnoma). Ekzekvatura so'zi lotincha "exsequare" so'zidan olingan bo'lib, "bajarmoq" ma'nosini beradi. Odatda, ekzekvatura qabul qiluvchi davlatning tashqi ishlar vazirligi tomonidan beriladi. Ekzekvatura konsulning o'z vazifalarini bajarishiga ruxsat berilishining dalolati bo'lib, qabul qiluvchi davlat konsulni tan olishini anglatadi. Shuni ham unutmaslik kerakki, qabul qiluvchi davlat izoh bermasdan ekzekvatura berishni rad etishga yoki bergan ekzekvaturasini qaytarib (chaqirib) olishga haqlidir. Qabul qiluvchi davlatning bu huquqi "Konsullik aloqalari to'g'risida"gi Vena konvensiyasida belgilab qo'yilgan.

Ekzekvatura alohida hujjat shaklida ham yoki patentga biriktirilgan ham bo'lishi mumkin. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali konsul qabul qiluvchi davlatda o'z vazifalarini bajarishga kirishganini rasman e'lon qilish ekzekvaturaga tenglashtirilishi mumkin. Berilgan ekzekvatura konsulning o'ziga biriktirilgan okrugidagina haqiqiy sanaladi.
Ekzekvaturani berish tartibini qabul qiluvchi davlat o'z ichki qonun hujjatlari orqali belgilaydi. Ushbu qonunchiliklarga asosan ekzekvaturani davlat boshlig'i, hukumat boshlig'i yoki tashqi ishlar vaziri imzolaydi. Gohida ekzekvatura berilishi cho'zilib ketadi. Bunday hollarda konsulga vaqtinchalik ruxsatnoma beriladi. Vena konvensiyasi qabul qiluvchi davlat konsulga o'z vazifalarini bajarishi uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarni yaratib berishi majburiyatini ham yuklagan.
Agarda konsullik elchixona qoshida ochilayotgan bo'lsa, undagi konsul uchun patent ham, ekzekvatura ham talab qilinmaydi. Ekzekvatura faqatgina alohida va mustaqil tashkil etilayotgan konsulliklar uchun majburiydir. Konsullik toifasi o'zgartirilsa, patent va ekzekvatura yangidan olinishi lozim. Masalan, konsullik agentligi konsullikka yoxud konsullik bosh konsullikka o'zgartirilgan holatlarda.

O'tgan sonlarda

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma

Mazkur Shartnomaning ishtirokchi davlatlari Kishining kosmosga chiqishi natijasida insoniyat oldida ochilgan buyuk istiqbollardan ilhoml...