Bank siri instituti bank huquqining uzviy qismi bo‘lib, banklar va mijoz o‘rtasidagi munosabatlarning barqaror va mustahkam bo‘lishini ta’minlaydi.
Bank huquqida bank siri institutining mavjudligi real hayot va qonunchilik talabi bo‘lib, usiz bank huquqi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Zero, bank bilan munosabatlarga kirishayotgan mijoz o‘z omonatlari, amalga oshirayotgan bank operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarning begonalarga oshkor bo‘lishidan manfaatdor bo‘lmaydi. Bunday holat mijozda bankka bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi. Shuning uchun, davlat bank siri muhofaza qilinishini qonunchilik bilan belgilab qo‘ygan.
Bank
siri tushunchasiga ta’rifni qonunchilikdan olish mumkin. O‘zbekiston
Respublikasining Fuqarolik kodeksi normalariga murojaat qiladigan bo‘lsak,
banklar bank hisobvarag‘i va bank omonati, hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar
hamda mijoz haqidagi ma’lumotlarni sir saqlashni kafolatlashi belgilangan. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi
Qonunning 38-moddasi mijozlarning operatsiyalari, hisobvaraqlari va jamg‘armalariga
oid ma’lumotlarning sirligini kafolatlash banklar zimmasida ekanligini
mustahkamlagan. 2003-yilga kelib iqtisodiyotda bozor instrumentlarini ko‘proq
joriy qilish, bank va mijoz munosabatlarining istiqbolliligini ta’minlash,
fuqarolar qo‘lidagi mablag‘larni bank omonatiga tezroq jalb qilish kun
tartibidagi masalaga aylanib bordi. Shu yili “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unda bank sirini
tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati belgilab qo‘yildi:
– mijozlarning
operatsiyalari, hisobvaraqlari va omonatlariga oid ma’lumotlar;
– mijozga bank
xizmatlari ko‘rsatilishi tufayli ushbu mijozdan olingan ma’lumotlar;
– mijozning bank
seyflari hamda binolarida saqlab turilgan mol-mulki haqidagi ma’lumotlar;
– amalga
oshirilgan banklararo operatsiyalar va bitimlarga oid ma’lumotlar (mijoz
topshirig‘iga binoan yoki uning foydasi uchun amalga oshirilgan bo‘lsa);
– banklar o‘rtasidagi
operatsiyalarda ma’lum bo‘lib qolgan, boshqa bankning mijoziga tegishli
ma’lumotlar;
– jamg‘arib boriluvchi pensiya tizimidagi
ma’lumotlar (pensiya badallari miqdori, summalar harakati, pensiya jamg‘armalari
ishtirokchilari).
Mazkur
3 qonun hujjatida bayon etilgan “bank
siri” ta’rifiga e’tibor qilsak, tadrijiy jarayonni ko‘ramiz, ya’ni
tushuncha ta’rifi bosqichma-bosqich rivojlantirib borilgan. Shunday qilib, bank
tizimi xizmatidan foydalanuvchi mijoz va bank munosabatlari haqidagi
ma’lumotlar maxfiy saqlanishi kerak, ayni paytda, bunday muhofaza ostidagi
axborotlar bank sirini tashkil qiladi. Doktrinada ham shu mazmundagi ta’riflar
berilgan bo‘lib, qonunchilik shu doktrinalar ustida qurilgani buni asoslaydi.
Bank
sirini oshkor qilishdan tiyilish lozim. Bank siri qay tarzda oshkor qilinishi
mumkin va buni kimlar amalga oshirishga qodir?
Bank
sirini oshkor qilish turlicha yo‘nalishda yuz berishi mumkin. Masalan, bu
turdagi ma’lumotlar OAVda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va Internet
saytlarida e’lon qilinadi. Bank siri hisoblanmish ma’lumotlar og‘zaki tarzda
tarqatib yuboriladi, buni yozma shaklda amalga oshirish ham mumkin. Bu
vaziyatda uchinchi shaxslar bevosita yoki bilvosita bank siridan voqif bo‘lib
qoladilar.
Bank
sirining tasodifan oshkor bo‘lib qolishi kam hollarda yuz beradi. Aksar holatda
bunday ma’lumotlarga erishish uchun harakat qilinadi. Tabiiyki, bundan g‘arazli
maqsadlar ko‘zlanadi. Shundan kelib chiqib, uchinchi shaxslarning bank sirini
tashkil etuvchi ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi uchun ularga bevosita yoki
bilvosita imkoniyat yaratib berish ham bank sirining oshkor qilinishidir. Ba’zida
esa bank siridan qonuniy xabardor bo‘lgan mansabdor shaxs o‘z kasb
majburiyatlariga sovuqqonligi, ehtiyotsizligi tufayli maxfiy axborot saqlanish
tartibi buziladi. Mazkur holatda bank sirining oshkor bo‘lib qolishi uchun
sharoit yuzaga keladi. “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasi buni ham bank sirining oshkor etilishi deb
belgilagan. Biz uchinchi shaxslar haqida fikr yuritar ekanmiz, kimlar uchinchi
shaxs ekanligini ham aniqlashtirib olishimiz kerak. Qonunchilikka ko‘ra
quyidagi shaxslar – bank, uning mijozi(vakili) va O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy bankidan tashqari barcha shaxslar uchinchi shaxs hisoblanadi.
Bank
sirining oshkor qilinishiga olib keladigan harakatlarni amalga oshirish mumkin
emas. Bu qonunchilik bilan taqiqlangan, ya’ni xizmat vazifasini bajarish chog‘ida
shaxs o‘ziga ishonib topshirilgan, ma’lum bo‘lib qolgan, qonuniy tartibda
taqdim qilingan bu ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas. Shuningdek,
ulardan shaxsiy maqsadda yoki uchinchi shaxslarning manfaati yo‘lida
foydalanish ham qonunan taqiqlangan. Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratishni
ham unutmaslik kerak: “O‘zbekiston
Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi Markaziy
bankka bir qancha vazifalarni yuklagan, jumladan, banklar faoliyatini
litsenziyalash va tartibga solish, ularni nazorat qilishni ham. Markaziy bank
bu vazifalarni bajarishi davomida bank siriga doir ma’lumotlardan boxabar bo‘lib
qolishi mumkin. “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonun Markaziy bankka bu
ma’lumotlarni oshkor etmaslik va taqdim qilmaslik majburiyatini yuklagan (Ushbu Qonunning 6-moddasi).
Bank
siri muhofaza qilinsagina, uning ahamiyati saqlanadi. Majozan aytganda, sir
kimda bo‘lsa, o‘sha o‘ziga mahkam bo‘lishi lozim. Tabiiyki, bank sirining
muhofaza qilinishi bank tomonidan kafolatlanadi. Bu kafolatning in’ikosi
sifatida yuqorida tilga olingan Qonundagi choralarni ko‘rsatish joiz. Jumladan,
bank rahbarlari va xodimlariga o‘z vazifalarini bajarishi orqasidan ma’lum bo‘lib
qolgan axborotlarni oshkor qilish va g‘arazli niyatlarda uchinchi shaxslarga
berish taqiqlanadi (7-modda). Bu
norma bilan go‘yoki mazkur Qonunning 6-moddasidagi norma takrorlangandek ko‘rinadi,
biroq shunga e’tibor qaratish kerakki, 6-moddada yuqoridagi harakatlarni
bajarish taqiqlanadi. 7-moddada esa bu qilmishni bajarishi mumkin bo‘lgan
subyektlarga urg‘u berilib, yuqoridagi norma mazmuni ochiladi. Yana bir narsani
unutmaslik kerakki, bank rahbari yoki xodimi ishdan bo‘shashi (bo‘shatilishi)
sababli bank sirini oshkor qilmaslik majburiyatidan ozod bo‘lmaydi. Ya’ni, bank
bilan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin ham u bank sirini oshkor
qilmaslikka majbur. Ayni paytda, bank sirini tashkil etadigan ma’lumotlarning
keraklicha saqlanishi uchun tashkiliy va texnikaviy choralar ko‘rishga,
tadbirlar qo‘llashga bank mas’ul sanaladi.
Bank
sirini oshkor qilish taqiqlanishini tushundik, biroq qonunda belgilab qo‘yilgan
shunday holatlar borki, bank siri muayyan vaziyatlarda ma’lum bir shaxslarga
taqdim qilinadi. Bu qonuniy asoslarsiz bo‘lmaydi, albatta. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda belgilanishicha,
yuridik shaxsning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar uning o‘ziga,
prokurorga, sudlarga, jinoiy ish doirasida esa surishtiruv va tergov
organlariga beriladi. Jismoniy shaxslarning bank siri doirasidagi ma’lumotlari
uning o‘zi, sudlar, surishtiruv va tergov organlariga berilishi mumkin (38-modda). “Bank siri to‘g‘risidagi”
Qonun esa bu holatlarni batafsil bayon qiladi.
Jinoiy
daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashga va ommaviy qirg‘in
qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish uchun kerak bo‘lgan
axborot (bank siri) maxsus vakolatli davlat organiga taqdim qilinadi. Tabiiyki,
buning uchun belgilangan tartibga amal qilinishi va zaruriy vaziyat (masalan, ommaviy qirg‘in qurolini sotib
olishga urinish) mavjud bo‘lishi
kerak. Shu qatorda, Hisob palatasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy
jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Adliya vazirligi, kredit byurolariga
ham bank siriga doir axborot taqdim etilishi mumkin, lekin esda tutish kerakki,
bunga faqat ushbu tashkilotlarga yuklatilgan vazifani bajarish doirasidagina va
belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, bank sirini olishga haqli bo‘lganlar
qatoriga davlat ijrochisi va davlat soliq xizmatchisi ham kiradi. Ular bank
mijoziga soliq solish yoki unga nisbatan qo‘zgatilgan ijro ishi doirasidagina
axborot olishlari mumkin. Shunday qilib, bank siriga kiruvchi ma’lumotlar
ularni so‘ragan organga qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda konvertda yoki
axborot tizimi orqali elektron hujjat shaklida taqdim qilinadi. Konvert yopiq
va muhrlangan, elektron hujjat bo‘lganda esa himoyalangan aloqa kanallari
vositasida yuborilgan bo‘lishi shart.