Mazkur Shartnomaning ishtirokchi davlatlari
Kishining kosmosga chiqishi natijasida insoniyat oldida ochilgan buyuk istiqbollardan ilhomlangan holda,
Tinch maqsadlarda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishning rivojidan butun insoniyatning umumiy manfaatdorligini tan olib,
Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanish iqtisodiy va ilmiy taraqqiyot darajasidan qatʼiy nazar barcha xalqlarning foydasini koʻzlab amalga oshirilishi lozim, deb ishonib,
Tinch maqsadlarda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishning ilmiy, shuningdek, huquqiy jihatlarida keng xalqaro hamkorlikka hissa qoʻshishni istab,
Bunday hamkorlik davlatlar va xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarning mustahkamlanishiga va oʻzaro anglashuvning kuchayishiga hissa qoʻshishiga ishonib,
1963-yilning 13-dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan “Kosmosni oʻrganish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy prinsiplar Deklaratsiyasi” nomli 1962 (XVIII)-sonli rezolyutsiyasini yodga olib,
Tinchlikka har qanday tahdid, tinchlikni buzish yoki agressiya harakati rejalashtirilgan yoxud bularni ragʻbatlantirish yoki qoʻzgʻatishga oʻxshash targʻibot qoralangan BMT Bosh Assambleyasining 1947-yil 3-noyabrdagi 110 (II) sonli rezolyutsiyasini hisobga olib, va ushbu rezolyutsiya kosmosga taalluqliligini nazarga olib,
Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga rivojlanishiga yordam berishiga ishongan holda
1-modda
Oy va boshqa osmon jismlarini
ichiga olgan holda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanish, ilmiy va
iqtisodiy rivojlanish darajasidan qatʼiy nazar, barcha davlatlarning
manfaatlari va foydasini koʻzlab amalga oshiriladi hamda butun insoniyatning
mulki boʻlib qoladi.
Teng huquqlilik asosida va
xalqaro huquqqa muvofiq ravishda Oy va boshqa osmon jismlarini ichiga olgan
holda kosmos hech bir kamsitishlarsiz barcha davlatlar uchun tadqiq etish va
foydalanishda ochiqdir, va osmon jismlarining butun hududiga erkin kirish
mumkin.
Oy va osmon jismlarini oʻz
ichiga olgan holda kosmosda ilmiy tadqiqotlar erkinligi mavjud va Davlatlar
shunday tadqiqotda xalqaro hamkorlikni yengillashtiradilar va
ragʻbatlantiradilar.
2-modda
Oy va boshqa osmon jismlarini
ichiga olgan holda kosmos suverenitet daʼvosi, foydalanish yoki egallab olish
vositalari yoxud har qanday boshqa vositalari orqali milliy oʻzlashtirilishi
mumkin emas.
3-modda
Shartnomaning ishtirokchi
davlatlari kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishdagi faoliyatlarini
xalqaro huquqqa, shu jumladan BMT Nizomiga muvofiq hamda xalqaro tinchlik va
xavfsizlikni saqlashdan manfaatdor holda, xalqaro hamkorlik va anglashuvni
ragʻbatlantirib amalga oshiradilar.
4-modda
Shartnomaning ishtirokchi
davlatlari yadro quroli yoki har qanday boshqa turdagi ommaviy qirgʻin
qurollarini olib yuradigan obyektlarni Yer orbitasida joylashtirmaslik, bunday
qurollarni osmon jismlariga oʻrnatmaslik, yoki boshqa har qanday hollarda bunday
qurolni kosmosga joylashtirmaslik majburiyatini oladilar.
Oy va boshqa osmon jismlari
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tomonidan faqat tinch maqsadlarda
foydalaniladi. Osmon jismlarida harbiy bazalar, inshootlar va istehkomlar barpo
qilish, har qanday qurolni sinash va harbiy mashqlar oʻtkazish taqiqlanadi.
Ilmiy izlanish yoki boshqa tinch maqsadlar uchun harbiy xizmatchilardan
foydalanish taqiqlanmaydi. Oy va boshqa osmon jismlarini tinch yoʻl bilan
razvedka qilish uchun zarur boʻlgan har qanday uskuna yoki inshootdan
foydalanish ham taqiqlanmaydi.
5-modda
Shartnomaning ishtirokchi
davlatlari astronavtlarni insoniyatning koinotdagi elchilari deb hisoblaydilar
va ochiq dengizda yoki boshqa ishtirokchi davlat hududidagi baxtsiz hodisa
yoxud falokat, favqulodda qoʻnish hollarida ularga barcha ehtimoliy yordamni
koʻrsatadilar. Astronavtlar shunday qoʻnishga majbur boʻlganlarida ular kosmik transport
roʻyxatga olingan davlatga xavfsiz va darhol qaytariladi.
Tashqi fazo va osmon jismlarida
faoliyat olib borayotganda ishtirokchi davlat astronavtlari boshqa ishtirokchi
davlatlar astronavtlariga barcha ehtimoliy yordamni koʻrsatadilar.
Shartnomaning ishtirokchi
davlatlari tashqi fazoda, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarida oʻzlariga
maʼlum boʻlib qolgan, astronavtlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan
har qanday fenomen haqida BMT Bosh kotibini yoki boshqa ishtirokchi davlatlarni
xabardor qiladilar.
6-modda
Faoliyat davlat yoki nodavlat
muassasalari tomonidan amalga oshirilish-oshirilmasligidan qatʼiy nazar,
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa
osmon jismlaridagi milliy faoliyatlari uchun, va bu faoliyat mazkur Shartnoma
shartlariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlash uchun xalqaro
javobgardirlar. Nodavlat tashkilotlarning tashqi fazo, shu jumladan Oy va
boshqa osmon jismlaridagi faoliyatlari tegishli ishtirokchi-davlatning ruxsati
va doimiy nazoratini talab qiladi. Tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon
jismlaridagi faoliyatlar xalqaro tashkilot tomonidan amalga oshirilganda, bu
Shartnomaga rioya etilishi uchun javobgarlik shu tashkilot hamda unda
qatnashuvchi Shartnomaning ishtirokchi davlatlari zimmasiga yuklanadi.
7-modda
Tashqi fazo, shu jumladan Oy va
boshqa osmon jismlariga obyekt uchiruvchi har bir ishtirokchi Davlat va hududi
yoki qurilmasidan obyektni uchirgan har bir Davlat boshqa bir ishtirokchi
Davlatga, uning jismoniy yoki yuridik shaxslariga mazkur obyekt yoki uning
tarkibiy qismlaridan Yer yuzasida. Havo hududida yoxud tashqi fazo, shu
jumladan Oy va boshqa osmon jismlarida yetkazilgan zarar uchun xalqaro
javobgardirlar.
8-modda
tashqi fazoga uchirilgan
obyektni roʻyxatdan oʻtkazgan Shartnomada ishtirokchi Davlat mazkur obyekt va
uning personali koinot yoki osmon jismida boʻlgan paytida ular ustidan oʻz
yurisdiksiyasi va nazoratini saqlab qoladi. Tashqi fazoga uchirilgan,
shuningdek osmon jismlariga qoʻngan yoki bu jismlarda qurilgan obyektlar va
ularning tarkibiy qismlariga egalik huquqi ularning tashqi fazoda yoki osmon jismida
ekanligi yoki Yerga qaytishi paytida daxlsiz qoladi. Uchirilgan obyektni
roʻyxatdan oʻtkazgan Shartnomada ishtirokchi Davlatning chegaralaridan
tashqarida topilganda bu kabi obyektlar yoki tarkibiy qismlar shu davlatga
qaytariladi; mazkur davlat, soʻrov boʻyicha, qaytarilishga qadar
identifikatsiya maʼlumotlarini bermogʻi lozim.
9-modda
Tashqi fazo, shuningdek Oy va
boshqa osmon jismlarini tadqiq etish va ulardan foydalanishda Shartnomaning
ishtirokchi davlatlari hamkorlik va oʻzaro yordam berish tamoyiliga amal
qiladilar, va tashqi fazodagi barcha oʻz xatti-harakatlarini Shartnomaning
boshqa barcha ishtirokchi davlatlarining tegishli manfaatlarini inobatga olib
amalga oshiradilar. Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tashqi fazo,
shuningdek Oy va boshqa osmon jismlarini oʻrganishni davom ettiradilar, va
ularni tadqiq etadilar, zeroki, Yerdan tashqari materiyaning kiritilishi
natijasida Yer atrof-muhitidagi zararli ifloslanish va salbiy oʻzgarishlardan
qochish uchun; zarur boʻlsa, bu maqsad uchun tegishli chora-tadbirlarni
qoʻllaydilar. Agar ishtirokchi davlatda oʻzi yoki fuqarolari rejalashtirgan
tashqi fazodagi faoliyat yoki tajriba boshqa ishtirokchi Davlatlarning tashqi
fazodan tinch maqsadlarda foydalanishi va tadqiq etishidagi faoliyatlariga potensial
(ehtimoliy) ziyonli aralashuvga sabab boʻlishiga asos boʻlsa, bu davlat har
qanday bu turdagi faoliyat yoki tajribani davom ettirishdan oldin kerakli
xalqaro maslahatlashuvlarni amalga oshiradi. Bunday asosga ega boshqa
ishtirokchi davlat yuqoridagi faoliyat yoki tajriba yuzasidan maslahatlashuv
oʻtkazishni talab qilishi mumkin.
10-modda
Tashqi
fazo, shuningdek Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va ulardan
foydalanishda xalqaro hamkorlikni ragʻbatlantirishni koʻzlab, mazkur
Shartnomaning maqsadlariga muvofiq tarzda ishtirokchi Davlatlar boshqa ishtirokchi davlatlarning
soʻrovlarini, qaysiki oʻzlari uchirgan kosmik obyektlarning parvozini kuzatish
imkoniyati berishni nazarda tutuvchi, tenglik asosida koʻrib chiqadilar.
Bunday
kuzatish imkoniyatining tabiati va uni taqdim etish shartlari mazkur davlatlar
oʻrtasidagi kelishuv orqali aniqlanadi.
11-modda
Tashqi
fazoni tadqiq etish va undan foydalanishda xalqaro hamkorlikni
ragʻbatlantirishni koʻzlab, tashqi fazoda, shu jumladan, Oy va boshqa osmon
jismlarida faoliyat olib borayotgan ishtirokchi Davlatlar bunday
faoliyatlarning tabiati, xulqi,
joyi va natijalari haqida BMT Bosh kotibini shuningdek jamoatchilik va xalqaro
ilmiy jamiyatni xabardor qilishga kelishadilar. Aytilgan maʼlumotni qabul qilgach BMT Bosh kotibi
uni darhol va samarali tarzda tarqatishga tayyor turishi lozim.
12-modda
Oy va
boshqa osmon jismlaridagi barcha stansiyalar, inshootlar, jihoz va kosmik
transport vositalari oʻzaro kelishuv asosida Shartnomaning boshqa ishtirokchi
Davlatlari vakillari uchun ochiqdir. Tashrif buyuriladigan obyektda normal
ishlashga toʻsqinlik qilmaslik va xavfsizlikni taʼminlash uchun tegishli
maslahatlashuvlar oʻtkazish va maksimal
ehtiyot choralari koʻrish maqsadida bu vakillar rejalashtirilgan tashrif haqida
oldindan asoslantirilgan xabar beradilar.
13-modda
Mazkur
Shartnomaning shartlari ishtirokchi davlatlarning tashqi fazoni, shu jumladan
Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish va foydalanishdagi faoliyatlariga,
bunday faoliyat ishtirokchi davlatning oʻzi tomonidan yoki boshqa Davlatlar
bilan birgalikda yoxud xalqaro hukumatlararo tashkilotlar doirasida amalga
oshirilayotganidan qatʼiy nazar, qoʻllaniladi.
Tashqi
fazoni tadqiq etish va undan foydalanishda xalqaro tashkilotlarning faoliyati
yuzasidan kelib chiqadigan amaliy masalalar Shartnomada ishtirokchi Davlatlar
va tegishli xalqaro tashkilot yoki mazkur tashkilotga aʼzo, ayni paytda ushbu
Shartnoma ishtirokchisi ham, boʻlgan bir yoxud undan koʻp davlatlar tomonidan
hal qilinadi.
14-modda
1.
Mazkur Shartnoma imzolash uchun barcha davlatlarga
ochiqdir. Ushbu moddaning 3-qismiga muvofiq Shartnoma kuchga kirishiga qadar
Shartnomani imzolamagan har qanday davlat unga har qanday paytda qoʻshilishi
mumkin.
2.
Mazkur Shartnoma uni imzolagan davlatlar tomonidan
ratifikatsiya qilinadi. Ratifikatsiya yorliqlari va qoʻshilish hujjatlari
Shartnomaga binoan depozitariy hukumatlar – Buyuk Britaniya va Shimoliy
Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi va
Amerika Birlashgan Shtatlarining Hukumatlariga saqlash uchun topshiriladi.
3.
Mazkur Shartnoma beshta Hukumatning, shu jumladan
Shartnomaga binoan depozitariy hukumatlarning ratifikatsiya yorliqlari saqlash
uchun topshirilgach kuchga kiradi.
4.
Ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish hujjatlarini
mazkur Shartnoma kuchga kirgandan soʻng saqlash uchun topshirgan Davlatlar
uchun Shartnoma ularning ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish hujjatlari
topshirilgan sanada kuchga kiradi.
5.
Depozitariy Hukumatlar Shartnomani imzolash sanasi,
har bir ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish hujjatini saqlash uchun
topshirish sanasi, uning kuchga kirish sanasi va boshqa bildirishnomalar haqida
Shartnomani imzolagan va qoʻshilgan Davlatlarni darhol xabardor qiladilar.
6.
Mazkur Shartnoma depozitariy Hukumatlar tomonidan BMT
Ustavining 102-moddasiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi.
15-modda
Shartnomaning istalgan ishtirokchi Davlati bu
Shartnomaga tuzatishlar kiritishni taklif qilishi mumkin. Ularni qabul qilgan
har bir ishtirokchi davlat uchun tuzatishlar Shartnomada ishtirokchi
davlatlarning koʻpchiligi tomonidan qabul qilingandan soʻng kuchga kiradi,
bundan keyin esa qolgan har bir ishtirokchi davlat uchun ular qabul qilingan
sanada.
16-modda
Shartnomada ishtirokchi har qaysi Davlat Shartnoma
kuchga kirganidan bir yil oʻtgach oʻzining Shartnomadan chiqayotganligi
xabarini depozitariy Hukumatlarga yozma tarzda berishi mumkin. Bu xabar
olinganidan bir yil oʻtgach Shartnomadan chiqish kuchga kiradi.
17-modda
Ingliz, rus, fransuz, ispan va xitoy tilidagi matnlari
teng kuchga ega mazkur Shartnoma depozitariy Hukumatlarning arxivlariga saqlash
uchun topshiriladi. Ushbu Shartnomaning tegishlicha tasdiqlangan nusxalari depozitariy
hukumatlar tomonidan uni imzolagan va unga qoʻshilgan davlatlarning
Hukumatlariga topshiriladi.
Ushbuni tasdiqlab tegishli vakolatga ega quyida imzo
chekuvchilar mazkur Shartnomani imzoladilar.