суббота, 5 октября 2019 г.

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma


Mazkur Shartnomaning ishtirokchi davlatlari
Kishining kosmosga chiqishi natijasida insoniyat oldida ochilgan buyuk istiqbollardan ilhomlangan holda,


Tinch maqsadlarda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishning rivojidan butun insoniyatning umumiy manfaatdorligini tan olib,

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanish iqtisodiy va ilmiy taraqqiyot darajasidan qatʼiy nazar barcha xalqlarning foydasini koʻzlab amalga oshirilishi lozim, deb ishonib,

Tinch maqsadlarda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishning ilmiy, shuningdek, huquqiy jihatlarida keng xalqaro hamkorlikka hissa qoʻshishni istab,

Bunday hamkorlik davlatlar va xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarning mustahkamlanishiga va oʻzaro anglashuvning kuchayishiga hissa qoʻshishiga ishonib,

1963-yilning 13-dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan “Kosmosni oʻrganish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy prinsiplar Deklaratsiyasi” nomli 1962 (XVIII)-sonli rezolyutsiyasini yodga olib,

Tinchlikka har qanday tahdid, tinchlikni buzish yoki agressiya harakati rejalashtirilgan yoxud bularni ragʻbatlantirish yoki qoʻzgʻatishga oʻxshash targʻibot qoralangan BMT Bosh Assambleyasining 1947-yil 3-noyabrdagi 110 (II) sonli rezolyutsiyasini hisobga olib, va ushbu rezolyutsiya kosmosga taalluqliligini nazarga olib,

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga rivojlanishiga yordam berishiga ishongan holda


Quyidagilarni kelishdilar:

1-modda
Oy va boshqa osmon jismlarini ichiga olgan holda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanish, ilmiy va iqtisodiy rivojlanish darajasidan qatʼiy nazar, barcha davlatlarning manfaatlari va foydasini koʻzlab amalga oshiriladi hamda butun insoniyatning mulki boʻlib qoladi.
Teng huquqlilik asosida va xalqaro huquqqa muvofiq ravishda Oy va boshqa osmon jismlarini ichiga olgan holda kosmos hech bir kamsitishlarsiz barcha davlatlar uchun tadqiq etish va foydalanishda ochiqdir, va osmon jismlarining butun hududiga erkin kirish mumkin.
Oy va osmon jismlarini oʻz ichiga olgan holda kosmosda ilmiy tadqiqotlar erkinligi mavjud va Davlatlar shunday tadqiqotda xalqaro hamkorlikni yengillashtiradilar va ragʻbatlantiradilar.

2-modda
Oy va boshqa osmon jismlarini ichiga olgan holda kosmos suverenitet daʼvosi, foydalanish yoki egallab olish vositalari yoxud har qanday boshqa vositalari orqali milliy oʻzlashtirilishi mumkin emas.

3-modda
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishdagi faoliyatlarini xalqaro huquqqa, shu jumladan BMT Nizomiga muvofiq hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashdan manfaatdor holda, xalqaro hamkorlik va anglashuvni ragʻbatlantirib amalga oshiradilar.

4-modda
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari yadro quroli yoki har qanday boshqa turdagi ommaviy qirgʻin qurollarini olib yuradigan obyektlarni Yer orbitasida joylashtirmaslik, bunday qurollarni osmon jismlariga oʻrnatmaslik, yoki boshqa har qanday hollarda bunday qurolni kosmosga joylashtirmaslik majburiyatini oladilar.
Oy va boshqa osmon jismlari Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tomonidan faqat tinch maqsadlarda foydalaniladi. Osmon jismlarida harbiy bazalar, inshootlar va istehkomlar barpo qilish, har qanday qurolni sinash va harbiy mashqlar oʻtkazish taqiqlanadi. Ilmiy izlanish yoki boshqa tinch maqsadlar uchun harbiy xizmatchilardan foydalanish taqiqlanmaydi. Oy va boshqa osmon jismlarini tinch yoʻl bilan razvedka qilish uchun zarur boʻlgan har qanday uskuna yoki inshootdan foydalanish ham taqiqlanmaydi.

5-modda
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari astronavtlarni insoniyatning koinotdagi elchilari deb hisoblaydilar va ochiq dengizda yoki boshqa ishtirokchi davlat hududidagi baxtsiz hodisa yoxud falokat, favqulodda qoʻnish hollarida ularga barcha ehtimoliy yordamni koʻrsatadilar. Astronavtlar shunday qoʻnishga majbur boʻlganlarida ular kosmik transport roʻyxatga olingan davlatga xavfsiz va darhol qaytariladi.
Tashqi fazo va osmon jismlarida faoliyat olib borayotganda ishtirokchi davlat astronavtlari boshqa ishtirokchi davlatlar astronavtlariga barcha ehtimoliy yordamni koʻrsatadilar.
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tashqi fazoda, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan, astronavtlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan har qanday fenomen haqida BMT Bosh kotibini yoki boshqa ishtirokchi davlatlarni xabardor qiladilar.

6-modda
Faoliyat davlat yoki nodavlat muassasalari tomonidan amalga oshirilish-oshirilmasligidan qatʼiy nazar, Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlaridagi milliy faoliyatlari uchun, va bu faoliyat mazkur Shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlash uchun xalqaro javobgardirlar. Nodavlat tashkilotlarning tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlaridagi faoliyatlari tegishli ishtirokchi-davlatning ruxsati va doimiy nazoratini talab qiladi. Tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlaridagi faoliyatlar xalqaro tashkilot tomonidan amalga oshirilganda, bu Shartnomaga rioya etilishi uchun javobgarlik shu tashkilot hamda unda qatnashuvchi Shartnomaning ishtirokchi davlatlari zimmasiga yuklanadi.

7-modda
Tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlariga obyekt uchiruvchi har bir ishtirokchi Davlat va hududi yoki qurilmasidan obyektni uchirgan har bir Davlat boshqa bir ishtirokchi Davlatga, uning jismoniy yoki yuridik shaxslariga mazkur obyekt yoki uning tarkibiy qismlaridan Yer yuzasida. Havo hududida yoxud tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarida yetkazilgan zarar uchun xalqaro javobgardirlar.

8-modda
tashqi fazoga uchirilgan obyektni roʻyxatdan oʻtkazgan Shartnomada ishtirokchi Davlat mazkur obyekt va uning personali koinot yoki osmon jismida boʻlgan paytida ular ustidan oʻz yurisdiksiyasi va nazoratini saqlab qoladi. Tashqi fazoga uchirilgan, shuningdek osmon jismlariga qoʻngan yoki bu jismlarda qurilgan obyektlar va ularning tarkibiy qismlariga egalik huquqi ularning tashqi fazoda yoki osmon jismida ekanligi yoki Yerga qaytishi paytida daxlsiz qoladi. Uchirilgan obyektni roʻyxatdan oʻtkazgan Shartnomada ishtirokchi Davlatning chegaralaridan tashqarida topilganda bu kabi obyektlar yoki tarkibiy qismlar shu davlatga qaytariladi; mazkur davlat, soʻrov boʻyicha, qaytarilishga qadar identifikatsiya maʼlumotlarini bermogʻi lozim.

9-modda
Tashqi fazo, shuningdek Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish va ulardan foydalanishda Shartnomaning ishtirokchi davlatlari hamkorlik va oʻzaro yordam berish tamoyiliga amal qiladilar, va tashqi fazodagi barcha oʻz xatti-harakatlarini Shartnomaning boshqa barcha ishtirokchi davlatlarining tegishli manfaatlarini inobatga olib amalga oshiradilar. Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tashqi fazo, shuningdek Oy va boshqa osmon jismlarini oʻrganishni davom ettiradilar, va ularni tadqiq etadilar, zeroki, Yerdan tashqari materiyaning kiritilishi natijasida Yer atrof-muhitidagi zararli ifloslanish va salbiy oʻzgarishlardan qochish uchun; zarur boʻlsa, bu maqsad uchun tegishli chora-tadbirlarni qoʻllaydilar. Agar ishtirokchi davlatda oʻzi yoki fuqarolari rejalashtirgan tashqi fazodagi faoliyat yoki tajriba boshqa ishtirokchi Davlatlarning tashqi fazodan tinch maqsadlarda foydalanishi va tadqiq etishidagi faoliyatlariga potensial (ehtimoliy) ziyonli aralashuvga sabab boʻlishiga asos boʻlsa, bu davlat har qanday bu turdagi faoliyat yoki tajribani davom ettirishdan oldin kerakli xalqaro maslahatlashuvlarni amalga oshiradi. Bunday asosga ega boshqa ishtirokchi davlat yuqoridagi faoliyat yoki tajriba yuzasidan maslahatlashuv oʻtkazishni talab qilishi mumkin.

10-modda
Tashqi fazo, shuningdek Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va ulardan foydalanishda xalqaro hamkorlikni ragʻbatlantirishni koʻzlab, mazkur Shartnomaning maqsadlariga muvofiq tarzda ishtirokchi Davlatlar boshqa ishtirokchi davlatlarning soʻrovlarini, qaysiki oʻzlari uchirgan kosmik obyektlarning parvozini kuzatish imkoniyati berishni nazarda tutuvchi, tenglik asosida koʻrib chiqadilar.
Bunday kuzatish imkoniyatining tabiati va uni taqdim etish shartlari mazkur davlatlar oʻrtasidagi kelishuv orqali aniqlanadi.

11-modda
Tashqi fazoni tadqiq etish va undan foydalanishda xalqaro hamkorlikni ragʻbatlantirishni koʻzlab, tashqi fazoda, shu jumladan, Oy va boshqa osmon jismlarida faoliyat olib borayotgan ishtirokchi Davlatlar bunday faoliyatlarning tabiati, xulqi, joyi va natijalari haqida BMT Bosh kotibini shuningdek jamoatchilik va xalqaro ilmiy jamiyatni xabardor qilishga kelishadilar. Aytilgan maʼlumotni qabul qilgach BMT Bosh kotibi uni darhol va samarali tarzda tarqatishga tayyor turishi lozim.

12-modda
Oy va boshqa osmon jismlaridagi barcha stansiyalar, inshootlar, jihoz va kosmik transport vositalari oʻzaro kelishuv asosida Shartnomaning boshqa ishtirokchi Davlatlari vakillari uchun ochiqdir. Tashrif buyuriladigan obyektda normal ishlashga toʻsqinlik qilmaslik va xavfsizlikni taʼminlash uchun tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazish va  maksimal ehtiyot choralari koʻrish maqsadida bu vakillar rejalashtirilgan tashrif haqida oldindan asoslantirilgan xabar beradilar.

13-modda
Mazkur Shartnomaning shartlari ishtirokchi davlatlarning tashqi fazoni, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish va foydalanishdagi faoliyatlariga, bunday faoliyat ishtirokchi davlatning oʻzi tomonidan yoki boshqa Davlatlar bilan birgalikda yoxud xalqaro hukumatlararo tashkilotlar doirasida amalga oshirilayotganidan qatʼiy nazar, qoʻllaniladi.
Tashqi fazoni tadqiq etish va undan foydalanishda xalqaro tashkilotlarning faoliyati yuzasidan kelib chiqadigan amaliy masalalar Shartnomada ishtirokchi Davlatlar va tegishli xalqaro tashkilot yoki mazkur tashkilotga aʼzo, ayni paytda ushbu Shartnoma ishtirokchisi ham, boʻlgan bir yoxud undan koʻp davlatlar tomonidan hal qilinadi.

14-modda
1.           Mazkur Shartnoma imzolash uchun barcha davlatlarga ochiqdir. Ushbu moddaning 3-qismiga muvofiq Shartnoma kuchga kirishiga qadar Shartnomani imzolamagan har qanday davlat unga har qanday paytda qoʻshilishi mumkin.
2.           Mazkur Shartnoma uni imzolagan davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Ratifikatsiya yorliqlari va qoʻshilish hujjatlari Shartnomaga binoan depozitariy hukumatlar – Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi va Amerika Birlashgan Shtatlarining Hukumatlariga saqlash uchun topshiriladi.
3.           Mazkur Shartnoma beshta Hukumatning, shu jumladan Shartnomaga binoan depozitariy hukumatlarning ratifikatsiya yorliqlari saqlash uchun topshirilgach kuchga kiradi.
4.           Ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish hujjatlarini mazkur Shartnoma kuchga kirgandan soʻng saqlash uchun topshirgan Davlatlar uchun Shartnoma ularning ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish hujjatlari topshirilgan sanada kuchga kiradi.
5.           Depozitariy Hukumatlar Shartnomani imzolash sanasi, har bir ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish hujjatini saqlash uchun topshirish sanasi, uning kuchga kirish sanasi va boshqa bildirishnomalar haqida Shartnomani imzolagan va qoʻshilgan Davlatlarni darhol xabardor qiladilar.
6.           Mazkur Shartnoma depozitariy Hukumatlar tomonidan BMT Ustavining 102-moddasiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi.

15-modda
Shartnomaning istalgan ishtirokchi Davlati bu Shartnomaga tuzatishlar kiritishni taklif qilishi mumkin. Ularni qabul qilgan har bir ishtirokchi davlat uchun tuzatishlar Shartnomada ishtirokchi davlatlarning koʻpchiligi tomonidan qabul qilingandan soʻng kuchga kiradi, bundan keyin esa qolgan har bir ishtirokchi davlat uchun ular qabul qilingan sanada.

16-modda
Shartnomada ishtirokchi har qaysi Davlat Shartnoma kuchga kirganidan bir yil oʻtgach oʻzining Shartnomadan chiqayotganligi xabarini depozitariy Hukumatlarga yozma tarzda berishi mumkin. Bu xabar olinganidan bir yil oʻtgach Shartnomadan chiqish kuchga kiradi.

17-modda
Ingliz, rus, fransuz, ispan va xitoy tilidagi matnlari teng kuchga ega mazkur Shartnoma depozitariy Hukumatlarning arxivlariga saqlash uchun topshiriladi. Ushbu Shartnomaning tegishlicha tasdiqlangan nusxalari depozitariy hukumatlar tomonidan uni imzolagan va unga qoʻshilgan davlatlarning Hukumatlariga topshiriladi.

Ushbuni tasdiqlab tegishli vakolatga ega quyida imzo chekuvchilar mazkur Shartnomani imzoladilar.

1967-yil yanvar oyining 27-kunida London, Moskva va Vashington shaharlarida uch nusxada tuzildi.

O'tgan sonlarda

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma

Mazkur Shartnomaning ishtirokchi davlatlari Kishining kosmosga chiqishi natijasida insoniyat oldida ochilgan buyuk istiqbollardan ilhoml...