воскресенье, 2 декабря 2018 г.

Ekzekvatura nima?

Ekzekvatura - patent olgan konsulga uni qabul qiluvchi chet el davlatining vakolatli organi beradigan hujjat (ruxsatnoma). Ekzekvatura so'zi lotincha "exsequare" so'zidan olingan bo'lib, "bajarmoq" ma'nosini beradi. Odatda, ekzekvatura qabul qiluvchi davlatning tashqi ishlar vazirligi tomonidan beriladi. Ekzekvatura konsulning o'z vazifalarini bajarishiga ruxsat berilishining dalolati bo'lib, qabul qiluvchi davlat konsulni tan olishini anglatadi. Shuni ham unutmaslik kerakki, qabul qiluvchi davlat izoh bermasdan ekzekvatura berishni rad etishga yoki bergan ekzekvaturasini qaytarib (chaqirib) olishga haqlidir. Qabul qiluvchi davlatning bu huquqi "Konsullik aloqalari to'g'risida"gi Vena konvensiyasida belgilab qo'yilgan.

Ekzekvatura alohida hujjat shaklida ham yoki patentga biriktirilgan ham bo'lishi mumkin. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali konsul qabul qiluvchi davlatda o'z vazifalarini bajarishga kirishganini rasman e'lon qilish ekzekvaturaga tenglashtirilishi mumkin. Berilgan ekzekvatura konsulning o'ziga biriktirilgan okrugidagina haqiqiy sanaladi.
Ekzekvaturani berish tartibini qabul qiluvchi davlat o'z ichki qonun hujjatlari orqali belgilaydi. Ushbu qonunchiliklarga asosan ekzekvaturani davlat boshlig'i, hukumat boshlig'i yoki tashqi ishlar vaziri imzolaydi. Gohida ekzekvatura berilishi cho'zilib ketadi. Bunday hollarda konsulga vaqtinchalik ruxsatnoma beriladi. Vena konvensiyasi qabul qiluvchi davlat konsulga o'z vazifalarini bajarishi uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarni yaratib berishi majburiyatini ham yuklagan.
Agarda konsullik elchixona qoshida ochilayotgan bo'lsa, undagi konsul uchun patent ham, ekzekvatura ham talab qilinmaydi. Ekzekvatura faqatgina alohida va mustaqil tashkil etilayotgan konsulliklar uchun majburiydir. Konsullik toifasi o'zgartirilsa, patent va ekzekvatura yangidan olinishi lozim. Masalan, konsullik agentligi konsullikka yoxud konsullik bosh konsullikka o'zgartirilgan holatlarda.

пятница, 2 ноября 2018 г.

Qonunlarimizning nomi xususida ayrim mulohazalar

Huquqshunoslikda keyingi yillarda dolzarb muammolardan biri qonunlarimizning tili aniq va ravon bo‘lishi, normativ hujjatlarning mazmun va mohiyatidan kelib chiqqan holda to‘g‘ri nomlanishidir. Lekin afsuski bu borada huquqiy tilimizda bir qadar mulohazali o‘rinlar mavjud. Fikrlarimizning dalili sifatida ularning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.
“Jinoyat ijroiya kodeksi” xususida. Oliy Majlis sessiyasida 1996-yil 27-dekabrda muhokama qilingan qonun hujjatlaridan biri shunday deb atalgan. U amaldagi eskirgan “Axloq tuzatish – mehnat kodeksi”ning o‘rniga qabul qilindi. Kodeksning eski nomidan voz kechilgani to‘g‘ri. Uzoq yillar mobaynida tajriba shuni ko‘rsatadiki, jinoyat uchun jazoga mahkum etilganlar hamma vaqt ham mehnatga jalb etilmaydi va ularning jazolanish oqibatida axloqan tuzalib qolmasligi ham ayon. Bu haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari sud hukmiga binoan jazoni ijro etish  bilan shug‘ullanadilar, agar jazo samarali natija bersa, mahkumning axloqan poklana borishiga umid bog‘lash mumkin. Shu boisdan qonun jazoni kim va qanday ijro etish lozimligini belgilaydi. Qonunning nomi ham shunga muvofiq bo‘lmog‘i kerak, albatta. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, mazkur sohaning qonun hujjati  “Jazoni ijro etish kodeksi” deb atalsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. Afsuski, loyiha mualliflari shu haqda Rossiyadagi loyihalardan andoza olib, “Уголовно-исполнительный кодекс ni “Jinoyat ijroiya kodeksi” tarzida so‘zma-so‘z tarjima qilganlar va qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganlar. Shubhasizki, “jinoiy ijro” – mantiqan jinoyat sodir etish demakdir.
“Jinoyat protsessual kodeksixususida. Jinoyat haqidagi ishlar bo‘yicha surishtiruv va tergov o‘tkazish hamda ularni sudda hal qilish tartibiga oid qonunlarimizning yig‘indisi hozirda “Jinoyat prostessual kodeksi” deb nomlangan. Huquq fanining bu sohasi “jinoyat protsessi”, ba’zan “jinoyat jarayoni” deb yuritiladi. Bunda go‘yo so‘z jinoyatning sodir etilish jarayoni to‘g‘risida borayotgandek. Mazkur ibora birinchi marta 1922-yilning mayida qabul qilingan Rossiya qonunida “Уголовно-процессуальный кодекс” tarzida uchraydi. Muqaddam Rossiyada bu soha qonuni “Устав уголовного судопроизводтсва” (1864) deb nomlangan.
O‘zbekcha matnda “jinoyat protsessi” iborasi faqat 1939-yildan boshlab ishlatilgan. Ungacha boshqa iboralardan foydalanib kelingan:
     1922-yil may oyidagi Rossiya kodeksining nomi o‘zbek tilidagi rasmiy nashrlarda “Sud muassalarida jinoyat ishlarini yurgizuv tartiblari to‘g‘risida nizomlar majmuasi” shaklida berilgan;
     1926-yil iyunida bu haqda qabul qilingan birinchi O‘zbekiston SSR kodeksi “Jazo yo‘rig‘ tuzugi” deb nomlangan (Amir Temur tuzuklariga qiyosan);
     1929-yil iyunida qabul qilingan ikkinchi kodeks “Jinoyat muhokama kodeksi” deb nomlangan. Bunda lotin alifbosiga o‘tish bilan bog‘liq arxaik so‘zlardan voz kechishga intilish ta’sir etgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas;
     1936-yilgacha nashr qilinib kelgan ushbu kodeksning nomini xalq komissarligi o‘zgartib, 1939-yildan boshlab “Jinoyat-protsessual kodeksi” shaklida chop etilib keldi. Bunday o‘zgartish qonun chiqaruvchi hokimiyatning biror qarorisiz amalga oshirilgan va “baynalminal” atamalarga ko‘proq “mehr berish” oqibati, desak xato bo‘lmas;
     1959-yil mayida qabul qilingan Kodeks ham shu nom ostida nashr qilingan;
     1993-yildan boshlab suveren respublika qonun loyihasini ishlashga kirishgan ishchi guruhi “Jinoyat muhokama kodeksi” nomiga qaytishni ma’qul topdi. Darhaqiqat, mazkur qonun jinoyat ishlarini sudgacha va sudda muhokama qilish qoidalarini ko‘zda tutadi. Lekin, bu borada ikki e’tiroz bildirildi. Chunonchi: birinchidan, “Jinoyat-protsessual kodeksi” iborasiga ko‘pchilik amaliy xodimlar ko‘nikib qolgan deyiladi. Ha, qariyb 60 yildan buyon qo‘llanib kelgan iboradan voz kechish osonmas. Lekin ne-ne noto‘g‘ri, teskari, mujmal, zararli ibora va fikrlardan, shukrkim, voz kechishga muyassar bo‘ldik. Ularga nisbatan “protsess” so‘zi hech gap emas.
Shu o‘rinda quyidagilarni eslab o‘tish maqsadga muvofiq: qonun “jinoyat protsessi”ni (“jinoyat jarayoni”ni) tartibga solmaydi. Aslida u jinoyatni kim, qay yo‘sinda, uslubda sodir etganini muhokama qilish tartibini belgilaydi va bu ishni qaysi davlat idoralari bajarishini nazarda tutadi. Har bir shaxs “jinoyat protsessi” deganda jinoyat sodir qilingan vaziyat, vaqt, joy, uslub, ishtirokchilar, qurollar, o‘g‘irlangan narsalar, qolgan izlar kabilarni tushunadi. Shuningdek, fanning, darsliklarning, kafedraning nomini “jinoyat protsessi” deyilsa, o‘quvchi jinoyatning qanday sodir etilishini tushunadi. Mazkur qonunda ko‘p ishlatiladigan quyidagi iboralarning tub mazmuniga e’tibor bering:
“Jinoyat protsessining ishtirokchilari faol bo‘lishiga erishish zarur”, “jinoyat protsessida jamoatchilikning ishtiroki maqsadga muvofiq”, “jinoyat protsessida fan va texnika imkoniyatlaridan keng foydalanish – qonun talabidir”. Mazkur jumladagi “protsess” so‘zi o‘rniga “muhokama” so‘zi ishlatilsagina, mazmun to‘g‘ri anglashiladi. Bu qonunlar ajnabiy davlatlarda ham “protsessual qonunlar” deb yuritiladi-ku, deya e’tiroz bildiruvchilar bor. Bizningcha, vaj haqiqatdan uzoq, jumladan, Fransiyada – Jazo protsedurasi; Olmoniyada – Jazo protsessi tartibi; Angliyada – Jinoyat haqidagi ishlarni yuritish to‘g‘risidagi qonun; AQSHda – Jinoyat haqidagi ishlarni sudda ko‘rish federal qoidalari; Polshada – Jazo tayinlash kodeksi; Bolgariyada – Jazolash jarayoni kodeksi tarzida yuritiladi. 
Boshqa mamlakatlarning tegishli qonunlarida ham jinoyatni tergov qilish va tergov ishlarini sudda yuritish aslo “jinoiy jarayon” deb atalmaydi. Aksincha, Turkiya, Afg‘oniston va ba’zi Sharq mamlakatlarida aynan “Jinoyat muhokama kodeksi” iborasi qo‘llaniladi. Ushbu Kodeks nomining hozirgi ruscha matni ham o‘zgartirilib, «Кодекс разбирательства преступлений» deb atalsa, mazmunan to‘g‘ri bo‘lar edi. Birinchidan, 1922-yildan boshlab kirib kelgan “уголовное” so‘zi “kallakesarlik” atamasi bilan bog‘liq. Barcha jinoyatlarni, ayniqsa mulkiy jinoyatlarni esa bu toifaga kiritib bo‘lmaydi. Shu jihatdan Jinoyat va jazo kodeksi loyihasining dastlabki ruscha nomidagi уголовное atamasidan voz kechilgani bejiz emas edi. Ikkinchidan, процессуальный so‘zi jinoyat yuzasidan tergov va sud faoliyatini bildirishdan uzoq.
“Fuqarolik protsessual kodeksi” xususida. Jinoyat muhokama kodeksiga yondosh bo‘lgan “Fuqarolik protsessual kodeksi’ni ham o‘z mazmuniga ko‘ra “Nizo muhokama kodeksi” degan nom bilan atalishi to‘g‘ri bo‘lardi.
Birinchidan, bu kodeksda jinoyat hisoblanmagan barcha nizolarni muhokama qilish tartibi belgilangan. Ikkinchidan, unda grajdanlik jarayoniga, ya’ni fuqarolikka erishish, qabul qilinish, fuqarolik burchlarini bajarish, fuqarolikdan mahrum bo‘lishga oid masalalar emas, balki turli mulkiy, shaxsiy huquqlarga oid nizolarni sudda ko‘rib, hal etish qoidalari berilgan. Uchinchidan, ushbu kodeksda faqat fuqarolar emas, balki yuridik shaxslarning ham huquq va majburiyatlari bayon etilgan.
“Fuqarolik kodeksi xususida”. Bu ham ruschadan so‘zma-so‘z tarjima qilish oqibatidadir. Xorijiy mamlkatlarda “grajdanlik” so‘zi o‘rniga qadimgi Rumodan boshlab “sivil” so‘zi ishlatiladi. Bu so‘z “grajdanlik”dan tashqari “madaniyat”ni ham anglatadi. Shu bois Sharq mamlakatlarida tegishli qonunlar “Madaniyat kodeksi”, “Madaniy muomala kodeksi” deb ataladi.
Umuman huquq “sivil” va “kriminal” ruknlariga bo‘linishi ham bejiz emas. 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Fuqarolik kodeksi” faqat fuqarolarning o‘zaro munosabatlarini emas, balki, fuqaroligidan qat’iy nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslarning ijtimoiy munosabatlarini tartibga solishga mo‘ljallangan. Shu sababli kodeksning nomi bilan mazmuni o‘rtasida katta farq bor.
Mulohazalarni muxtasar qilib shuni ta’kidlar edimki, qonunlarimizning tili nuqtai nazaridan yirik yutuqlarimizdan biri Konstitutsiyamiz loyihasini matbuotda ikkinchi marta e’lon qilinishi oldidan maxsus anjuman o‘tkazilgan va asosiy qonunlarimizdagi har bir jumla, har bir so‘z to‘g‘ri ifodalanishga erishilgan edi. Bunday anjumanlar muttasil o‘tib turishiga, har bir yangi qonun loyihasi tahlil jihatidan barkamol bo‘lishiga erishish maqsadida Oliy Majlis Kengashida olimlar va amaliyotchilardan iborat maxsus guruh tashkil etish foydadan holi emas.


G‘.A. Abdumajidov 
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 
(“O‘zbek tilida xalqaro huquq atamalari” ilmiy munozarasi materiallaridan, 1998-yil)

четверг, 21 июня 2018 г.

O‘zbekiston Respublikasida hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilining kuchayishi Vazirlar Mahkamasi misolida

Mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tizimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huquqiy maqomi va faoliyatinini demokratlashtirish, uning mas’uliyati va mustaqilligini kuchaytirish markaziy o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida belgilangan muhim konstitutsiyaviy prinsip – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.
Mazkur prinsip mustaqil, samarali va mas’uliyatli ijro etuvchi hokimiyat faoliyatini nazarda tutadi. Shu nuqtai nazaridan ushbu prinsipni to‘laqonli ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-bobi bevosita Vazirlar Mahkamasiga bag‘ishlandi. Ta’kidlash lozimki, ushbu bob 25 yil mustaqil taraqqiyot yo‘lida izchil takomillashtirib borildi. Xususan, 1993-2017 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 9 marotaba (1993, 2003, 2007, 2008, 2011 yilda 2 marotaba, 2014, va 2017 yilda 2 marotaba) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, ulardan 4 tasi aynan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga ham qaratilgan edi. Xususan, Konstitutsiyaning Vazirlar Mahkamasi faoliyati va huquqiy maqomiga bag‘ishlangan 98-moddasi uch marotaba – 2003, 2011 va 2014 yillarda yangi tahrirda bayon etilganligi ham konstitutsiyaviy islohotlar tizimida Vazirlar Mahkamasining naqadar ko‘p marotaba modernizatsiya qilinganligidan dalolat beradi.
Qisqacha qilib aytganda, Konstitutsiyaning Vazirlar Mahkamasiga bag‘ishlangan 98-moddasining 1992 yilgi tahriri 6 qismdan iborat bo‘lib, unda Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarlik qilishi ruhi sezilib turardi. 2003 yildagi yangi tahririda ushbu 6 qism jiddiy o‘zgarishlarsiz saqlab qolindi, shu bilan birga yangi 4 ta qism bilan to‘ldirildi (jami 9 ta qism, 1993 yilgi tahrirdagi ayrim qismlar birlashgan). 2003 yilda 98-moddada ilk marotaba Bosh vazirning roli mustahkamlanib, u konstitutsiyaviy-huquqiy maqomga ega bo‘ldi. 98-moddaning 2003 yilgi yangi tahriri Vazirlar Mahkamasining huquqiy maqomini (ijro hokimiyatini amalga oshirishi, tarkibiga kimlar kirishi belgilandi), Bosh vazirning huquqiy maqomini (Bosh vazir nomzodi Prezident taqdimiga binoan Oliy Majlis palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi va tasdiqlanishi) va vakolatlarini (Vazirlar Mahkamasining a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tasdiqlash uchun taqdim etish; Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etishi va unga rahbarlik qilishi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘lishi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qilishi, uning qarorlarini imzolashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘rishi) belgilab berdi, shuningdek, eng muhimi Bosh vazir va Prezident o‘rtasida ijro hokimiyatini amalga oshirishdagi vakolatlar taqsimotini (Prezident Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, shuningdek Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishlarini bekor qilishga haqli ekanligi) mustahamladi.
Konstitutsiya 98-moddasining 2011 yildagi yangi tahriri esa, 15 qismdan (7 ta yangi qismlar kiritildi) iborat bo‘lib, Vazirlar Mahkamasi huquqiy holatini sezilarli darajada o‘zgartirdi. 98-moddaning 2011 yildagi yangi tahririning eng muhim va asosiy, davlat boshqaruvini demokratlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilgan quyidagi ikkita yangiligini qayd etish lozim: birinchidan, ilgari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan ko‘rib chiqilar va tasdiqlanar edi. 2011 yilda esa, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rsatish tartibi butunlay demokratik mazmun kasb etdi, endilikda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladigan bo‘ldi. Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish vakolati hamda uni amalga oshirish tartib-taomillari konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yildi.
Nihoyat Konstitutsiyamizning 98-moddasi 2014 yilda ham yangi tahrirda bayon etildi. Endilikda 98-modda 9 qismdan iborat bo‘lgan maqbul ko‘rinishga keldi. 98-moddaning 2014 yildagi yangi tahriri 6 ta yangi qoidani belgilab berdi.
Birinchi. Vazirlar Mahkamasi vakolatlari tizimlashtirildi va aniqlashtirildi, uning 6 ta vakolati bandlarda aniq-ravshan etib ifodalandi. Muqaddam 98-moddaning 2011 yilgi tahririda uning atigi 2 ta vakolati aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, endilikda ularning soni 6 taga yetdi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi ilgari faqatgina iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlik qilishi belgilangan bo‘lsa endilikda ushbu sohalar moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘lishi bilan to‘ldirildi. Shuningdek, fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtirish va yo‘naltirish, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta’minlash; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etish kabi yangi vakolat va vazifalar belgilandi.
Ikkinchi. Vazirlar Mahkamasi ilgari “amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq” qaror va farmoyishlar chiqargan bo‘lsa, endilikda ushbu vakolat “konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq” amalga oshirilishi belgilandi.
Uchinchi. Vazirlar Mahkamasi ilgari o‘z faoliyatida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi” oldida javobgar bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ustuvorlik o‘zgarib, javobgarlik dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va undan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida etib belgilandi.
To‘rtinchi. Ilgari amaldagi Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilgach, Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar hukumat qanday faoliyat yuritishi masalasi ochiq qolgan edi. Endilikda ushbu muammo hal etildi – amaldagi Vazirlar Mahkamasi uning yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib turishi belgilandi.
Beshinchi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri vazifalari tizimlashtirilib, uning 4 ta asosiy vazifasi belgilab berildi. Ilgari Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘rgan bo‘lsa, endilikda ushbu vakolatni amalga oshirish uchun “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘i” shart bo‘lmaydi, ya’ni Bosh vazirning mustaqilligi mustahkamlanib, u ushbu vakolatni mustaqil amalga oshirishi ko‘zda tutildi.
Oltinchi. Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etishi tartibi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi, unda belgilangan ijro hokimiyatini tashkil etishning demokratik prinsip va qoidalari amaldagi qonun hujjatlarida mustahkamlangan va sezilarli darajada boyitilgan. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuni 2003 yil 29 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan bo‘lsa, 2003 yildan 2017 yilga qadar ushbu Qonunga jami 9 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi (2007, 2008, 2009, 2011, 2014 va 2015 yillarda – 2 martadan hamda 2016 yil). Bularning barchasi o‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyati mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan qoida va prinsiplar asosida izchil takomillashib kelayotganligidan dalolat bermoqda.
Qolaversa, Konstitutsiyaning 98-moddasida belgilangan Vazirlar Mahkamasining vakolatlari tarmoq qonun hujjatlarida rivojlantirilgan. Xususan, amaldagi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ijtimoiy-iqtisodiy sohada juda keng doiradagi vakolatlar berilgan. Xususan, Qonun hujjatlari tahlili ularning deyarli barchasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli sohadagi vakolatlariga alohida modda bag‘ishlanganligini ko‘rsatmoqda. Masalan, 2016 yil 4 yanvarda yangi tahrirda qabul qilingan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda Vazirlar Mahkamasining 4 ta vakolati (5-modda), 2016 yil 14 sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunda 7 ta vakolati (7-modda), 2016 yil 19 sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunda 4 ta vakolati (9-modda), 2016 yil 21 sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunda 4 ta vakolati (9-modda), 2016 yil 22 sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunda 8 ta vakolati (7-modda) belgilab qo‘yilgan.
Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga asoslangan holda ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshirib, mamlakatimizda iqtisodiy va ijtimoiy sohada samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha huquqiy maqomini belgilab berdi hamda mamlakatimizda ijro hokimiyati tizimini izchil isloh etish va yanada demokratlashtirish va modernizatsiya etishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari
monitoringi instituti bo‘lim boshlig‘i,
yu.f.n., dotsent, Dj.Safarov

четверг, 7 июня 2018 г.

Sudyaning xotiralaridan

Allohning juda katta, bizga yaqin mo’jizalaridan biri odamning tush ko’rishi. Ba’zilar kamdan-kam tush ko’rishlarini ham aytishadi. Tuppa-tuzuk ikki sog’lom odamning biri nega tush ko’radi-yu, biri tush ko’rmasligi jumboq. Xuddi odamning nutqi qanday paydo bo’lishi kabi sir.


Анвар Шукуровning rasmi.Bolaligimda – taxminan o’n-o’n ikki yoshimda tushimda qo’shnimiz usta buva vafot etganligini ko’rganman va bu voqea yaqin o’rtada sodir bo’lishidan qo’rqib, xavotirlanib yurganman. Buni qarangki, tush ta’biriga ko’ra kimki tushda o’lsa, hayotda uzoq yasharkan. Usta buva to’qsondan oshib yaqinda vafot etdilar (Ilohim, joylari jannatda bo’lsin! Omin!). Demak, ba’zi tushlar qirq, ellik yillardan keyin ham sodir bo’laverar ekan-da.
Maktabni bitirayotgan yilim masjid yonida bo’ladigan muazzin azon aytadigan minoraga o’xshash bino tepasiga ko’tarilganman. Bu tushni otamga aytib beruvdim, rahmatli «demak, o’qishga kirarkansan»-degandilar. Talabalik davrimda yotoloq tarzida paxtaga borgan Sirdaryo viloyati Oq Oltin tumanidagi baraklarda yotganimizda bir ajoyib tush ko’rganman. Emishki, butunpotok” talabalari kechasi tashqariga chiqib gulxan atrofida o’tirganmishmiz. Shunda osmonda rangli, yonib turuvchi to’rtburchak chiroqlar yal-yal yonarmish. Osmon shunaqa go’zal ediki!!! Lekin, kursdoshlarim buni ko’rmayotganmishlar, ular pastda olov atrofida o’tirib o’zaro gurungga mashg’ul emishlar. Men ularga «osmonga qaranglar, qanday chiroyli» dermishman, ular esa mening gaplarimga loqayd o’tirganmishlar.
Xo’jalik sudiga sudya bo’lgan 1995-yilda, uch oy ishlar-ishlamasimdan so’ng otam qazo qildilar. Bu qayg’uni aritish uchun besh vaqt namoz o’qiy boshladim. Otamning hali qirq kunlik ma’rakasi o’tmasidan Rasuli Akram tushimga kirdilar. U kishi menga qarab jilmayib turardilar.
***
Oradan biron yil o’tib namozni besh vaqt emas, bir-ikki mahal o’qiydigan bo’lib, din masalasida johiliyatga ketib qolganimni o’zim bilmay qoldim. Asosan, ishga berilib ketdim. Xo’jalik sudida esa turli-tuman, yangi-yangi, murakkab nizolar ko’paygandan ko’payib borardi. Iqtisodiyotning biron-bir sohasi Xo’jalik sudini tan olgisi kelmasdi. Ayniqsa, moliya-bank-soliq tizimi. Boshqa vazirliklar ham qonunning ustidan yurishni istardilar. Qonundan tashqarida bo’lishni istayotgan bu tarmoqlar erta bir kuni iqtisodiyotni izdan chiqarishlarini xayollariga ham keltirmasdilar. Aslida ular o’zlari o’tirgan daraxt shoxini qirqayotgan edilar.
Sud mana shu mashaqqatli ichki kurashlarda o’z so’zini aytib, iqtisodiyotda Qonun ustuvorligini ta’minlash uchun jang olib borardi. O’sha 1995-2004 yillar (sud raisi M.E.Abdusalomov bo’lgan payt)gacha muvaffaqiyatli kurashardi.
Huquqshunoslikda Rim huquqidan kirib kelgan «De-yure», «De-fakto» degan terminlar bor. Oddiygina qilib o’zbekchasiga aytsam, «Huquqiy» va «Haqiqiy». O’zbekistonda o’zbek tili davlat tili, qonunlarning o’zbek tilidaga matni ustuvor hisoblanadi bu huquqiy jihatdan to’g’ri. Ammo, qonunlar avval rus tilida yoziladi, keyin o’zbek tiliga tarjima qilinadi. Bu esa Haqiqiy holatda o’zbek tilining ustuvorligi yo’qligini anglatadi.
Bu unsur tilshunoslarning jig’iga tegishi mumkin. Ammo, sudda ba’zi hollarda yuridik terminlarning rus tilidagisi aniqroq yozilgan va amaliyotda qo’llash ustuvor. Buning sababi qonunshunoslarimizning ko’pchiligi haliyam SSSR paytida, rus tili ustuvor bo’lgan paytda o’qiganlar, ko’nikma hosil qilganlar, milliy tilni o’sha paytlarda mensimaganlar. Vaholanki, o’zbek tili juda qadimgi va boy til. Menimcha, bu holat yaqin orada o’z joyiga tushadi.
Sudda nizo bor. Taraflar o’z manfaatlari uchun kurashadilar. Sud esa adolatli yechim topishi kerak. Mana shu «huquqiy» va «haqiqiy» holatlarning qay birini yuzaga chiqarish kerak degan savol ko’ndalang bo’lganda, men iloji boricha «haqiqiy»sini ro’yobga chiqarishga uringanman.
Bir hayotiy misol.
Chiroqchi tumanilik bir tadbirkor shartnomaviy sherigi uning pulini bermay ketganligi yuzasidan da’vo arizasi va shikoyat bilan Oliy Xo’jalik sudiga ariza yozgan. Aslida buning uchun o’zimizning hududiy viloyat sudiga murojaat qilishi lozim edi. Ammo, keyinchalik bilishimcha, ushbu arizani yoqlab o’rtaga qashqadaryolik mashhur bir kishi aralashgan. Ish alohida nazoratda bo’lganligi uchun menga berildi.
Ishni ko’rish bo’yicha ajrim chiqardim va taraflarga jo’natdim. Ish ko’rilayotgan kuni da’vogar vakili sud protsessiga keldi, javobgar esa kelmadi. Da’vogar vakili his-hayajonga berilib, nohaqlikka uchraganligini bayon etar (hujjatlar «de-yure» uning tarafida edi), uyida yegani noni yo’qligini, hatto sudga kelishidan oldin birovdan qarzga pul olib kelganligini aytib yuragimni ezib yubordi. Da’voni to’liq, jarimasi bilan birga qanoatlantirib, uyiga yetib olishiga yo’l haqi ham berib, jo’natib yubordim.
Besh kun ichida hal qiluv qarorini yozib jo’natib yubordim. Oradan bir necha kun o’tib, ikkinchi taraf kelib da’vo umuman asossiz ekanligini, olingan pulni u da’vogarga bug’doy sifatida qaytarib berganligini, ammo, da’vogar hujjatlarni rasmiylashtirmasdan yurganligini aytib berdi. Gapirayotgan odamning so’zlarini tinglab, ichki bir tuyg’u bu odam yolg’on gapirmayotganligini bildirib turardi.
Menda haqiqatni tagiga yetish hissi ustuvorlik qildi va o’zim qabul qilgan Hal qiluv qarorini yangi ochilgan holatlar bo’yicha bekor qilib, ishni yangitdan qayta ko’rishga ajrim qilib, taraflarga jo’natdim. Ha, aytmoqchi, ishni ko’rishni Chiroqchi tuman hokimligi binosiga, tuman ahli, rahbariyati ko’z o’ngida ko’rishga tayinladim.
O’shanda ham Ramazon oyi edi. Ish ko’riladigan kuni ertalab «jabrdiyda»-da’vogar kelib, «Chiroqchi tuman Hokimligiga bormasligini, ishni mavjud hujjatlarga asosan ko’raverish kerakligini aytdi». Uning bunday deyayotganligi mening uning foydasiga undirgan qarorim bekor qilinganligi uni tang qoldirganidan, u esa biron-bir huquqshunos yoki buxgalterga maslahatga borganligidan dalolat berardi. Maslahatchi esa «hujjatlar bo’yicha sen haqsan, ishing bo’lmasin, sen g’alaba qilasan»-deganini anglatib turardi.
Mavjud hujjatlar nima? Bu kishi javobgarga pul ko’chirib bergan. Misol uchun shartnomaga ko’ra javobgar da’vogarga g’isht berish kerak edi. Biroq, u olingan pul evaziga bug’doy berganligi, ammo, da’vogar bu holatni rasmiylashtirmasdan kelayotganligini aytganligi to’g’riga o’xshab qoldi.
Ishdagi mavjud hujjatlar bo’yicha ishni ko’raman desangiz da’vogar haq. Ammo, qaror adolatsiz bo’ladi. Sud noinsof, qasamxo’r, ikkiyuzlamachi, bir so’z bilan aytganga muttahamning tarafini olgan bo’lib chiqadi. Bu sudning ham, mening ham obro’yimga to’g’ri kelmaydi. Shu sababdan, menda da’vogar va javobgarni yuzlashtirish ularning ko’zlariga qarab qaror qilishni niyat qildim.
Shuning uchun «jabrdiyda» da’vogarga ketib qolmaslikni, o’zim uni uyiga tashlab qo’yishga va’da berib, tezda barcha hujjatlarni tayyorlab, xo’jalik sudining Tiko mashinasida yo’lga tushdik.
Ramazon oyi bo’lganligi munosabati bilan mashinaga mingach, da’vogarga «ramazon oyida yolg’on gapirish mumkin emasligini, Ibrohim payg’ambar uzoq umrlari davomida uch martagina yolg’on gapirganliklarini so’zlab», uni insofga chaqirib bordim. Shundan so’ng javobgar unga bug’doy berganligi sirini ochdim. U noiloj bu faktni tan oldi, lekin qitmirlik qilib «uyim yo’l ustida, xohlasangiz borib ko’ramiz, bug’doy deb bergan narsasi shamak (g’allaning ichida o’sadigan yovvoyi urug’ qiladigan o’simlik) doni», -dedi.
Uyim «yo’l ustida» degani uchun qishloqqa kirdik. Uyning tomi tunuka bilan qoplangan ekan. Bu mezbonning avval topish-tutishi yaxshi bo’lganligidan darak berardi.
Lekin bugungi moliyaviy ahvoli uning tanazzulda ekanligini ko’rsatib turardi. Uyda bitta xonada gilam, ko’rpa to’shak bor edi. Biz uyga kirgach, o’sha jihozlangan xonada kasal yotgan xotini biz kelgach ko’rpa-to’shakdan turib tashqari (agar adashmasam bu noyabr, sovuq tushgan, ammo quyosh charaqlab turgan kun) hovliga chiqib ketib oyoq yalang yurganligini ko’rib yuragim ezilib ketdi. Ayolning shamollaganligi uning ranglari sarg’ayib ketganligidan ham ko’rinib turardi. Tushunarli, uy egasi muhtojlik tufayli bug’doy olgan bo’lsa-da, yana javobgardan pul undirmoqchi bo’lib sudga da’vo qilgan.
Mening ayolga achinib qarab turishimni mezbon sezdi shekilli, «bu ikkinchi xotinim, hovli-joyimni birinchi xotinimga tashlab bu yoqqa ko’chib kelgan yangi ro’zg’ormiz»-dedi.
Qo’shni, jihozsiz xonaga kirdik. Qo’ldan tikilgan katta qopga solingan donni ko’zdan kechirdik. Donning og’irliga 80-90 kilo. Aytganidek, qopning ichidagi don g’alla emas, boshqa o’simliklar doni. Bu bilan parranda – kurka, tovuq boqsa bo’ladi. Men dastlabki qarorimga ko’ra da’vogar foydasiga, taxminan 350.000 so’m asosiy qarz va 175.000 so’m penya jami 525.000 so’m undirgandim. Bu summa hozirgi kunda 15-20 million so’mlarga borsa kerak. Dalada ekilgan g’allaning chiqiti kattaligidan ham javobgar bug’doy berganligi ko’rinib turardi. Ammo, javobgar bug’doyni kechiktirib bergan. Bu faktdan ko’z yumib bo’lmaydi. «Yigirma martalar orqasidan bordim, shundan keyin bug’doy berdi», -deydi da’vogar.
– Mayli, yuring, mashinaga mining, hokimiyatda yuzma-yuz gaplashamiz,-deyman da’vogarga, u esa siniqqan holda «qozi aka, siz o’zingiz boravering, men javobgarni ko’rgim ham kelmaydi», -deydi.
–Javobgarning aybi bug’doyni kechiktirib berganligida, qancha penya undirib bersam, sizga ma’qul?
–Yuz ellik ming.
–Yo’q, ellik ming so’m.
–O’zingiz bilasiz.
O’zining juda katta jabrdiyda qilib ko’rsatgan da’vogarni o’z qishlog’ida qoldiraman va Chiroqchi tuman hokimligiga yo’l olaman. U yerda javobgarni topib, «bug’doyni da’vogarga berganingizni kim ko’rgan?», -degan savolni ko’ndalang qo’yaman.
–Eshon buvam ustida bo’lganlar, -deydi javobgar vakili.
Eshon buvani manziliga – umuman teskari tomonga yo’l olamiz. Yoshi yetmishlardan o’tgan Eshonbuvani, uning o’g’linikidan topamiz. Bugun shu yerda iftor dasturxoni yozilayotgan ekan.
Hey, boy bo’lmay o’l, -deydi Eshon buva salom alikdan so’ng, tashrif mohiyatini obdon tushuntirganimdan so’ng, javobgar vakiliga yuzlanib. –Bir tonna bug’doyni deb, sen meni boshimga qozini boshlab keldingmi? O’tgan yili otimni birov o’g’irlab ketdi, men hech joyga xabar bermadim-ku.
«Boshimga qozini boshlab keldingmi?»-so’zi mengayam og’ir botdi.
–Eshon buva, siz ro’za tutgan bo’lsangiz, biz ham ro’zadormiz, bir kunlik adolat oltmish yillik ibodatdan ustun degan gap bor. Biz sizning yoningizga adolatli qaror qabul qilish uchun keldik, -dedim men.
Eshon buva ro’za tutadigan sudyani ko’rib hayron qoldi va biroz yumshadi.
–Eshon buva, shu kishi (javobgar) da’vogarga bug’doy beruvdimi?
Ha, beruvdi.
–Siz ko’ruvdingizmi?
–Ikkoviyam muridim bo’ladi. Men aytgandan keyin beruvdi. Lekin, hozir yana bersin.
–Nega?
–Uning ahvoli og’irroq.
Qancha bersin?
–Bilmasam? O’zing ayt? -yuzlanadi Eshon buva javobgarga.
–Mayli, Eshon buva, sizning hurmatingiz uchun ellik ming beraman.
–Bo’ladimi, Eshon buva? - so’rayman men.
–Yo’q, yana qo’shsin.
–Sakson ming bersa bo’ladimi? – so’rayman men.
–Bo’ladi.
–Mayli, -deydi javobgar.
Shu bilan yelkamdagi tog’ ag’darilganday bo’ladi. Ko’ngil xotirjamligida uyga qaytamiz. Men qaytadan hal qiluv qarori qabul qilib, javobgardan da’vogar foydasiga 80.000 so’m penya undiraman. Oradan olti oylar o’tgach, javobgarni to’satdan ko’rib qoldim. Ha, pulni to’ladingizmi? –deb so’radim. –U ham so’ramadi, men ham to’lamadim, -deydi javobgar.
***
Qur’on oyatlari bilan mamlakat qonunlarini solishtira borib, Allohning ba’zi oyatlari qonun ekanligini angladim. Biron-bir yomonning tarafini olsangiz, o’zingizga ham bir ulush olishingiz bildirilgan.
Sudyalik degani mamlakat yoki chet ellik fuqarolarning talab-istagi, nafsini baholab sotadigan do’kondorlik degani emas. Sudya mamlakat vijdonini asrab-avaylovchi, uni barchaga yoqimli, jozibali bo’lib turushini ta’minlovchi qo’riqchilik, himoyachisi deganidir.
Men Qur’on oyatlari qonunlar ekanligini asta-sekinlik bilan kashf qila boshladim. Rayko’mpartiyada, «Sho’rtangaz»da ishlagan davrlarimda ham Qur’onning matni oddiy matn emas, balki Qonunlar ekanligiga ishonchim orta boshladi.
Esimda, 1995-yilda bir janjalli nizo yuzasidan bir to’da qishloq qariyalari xonamga kelib, meni ta’magirlikda ayblamoqchi bo’lishdi. Shunda men xonamda turgan Qur’on kitobini o’rtaga qo’ydim-da, «kelinglar, ushbu Qur’on haqqi qo’llaringni unga qo’yib menga nisbatan qo’yayotgan gaplaringni aytinglar, men ham aytaman. Kim aybdor bo’lsa, Alloh unga ko’rsatadi», -dedim. Shunda boboylarning haddi sig’madi. Keyinchalik eshitdim. Ular meni eshonlardan ekan deb o’ylashgan ekan.
Alixonto’ra Sog’uniyning «Tarixi Muhammadiya» asarini o’qigach, u kishining qabrlarini ziyorat qilish ishtiyoqi paydo bo’ldi. Toshkentga safar qilib, u kishining yashagan uylarini topdim. Shom ibodatini qilib, ruhlariga tilovat qilgach, uy egalaridan ularning qabrlari qayerdaligini surishtirdim. Ertasi kuni Ko’kcha qabristoniga borib qabrlarini ziyorat qildim. Alixonto’ra Sog’uniyning «Turkiston qayg’usi» asarini o’qigach, temir panjaralar ichidagi mamlakatda qanday qilib bunday asar yozilishi mumkinligini o’ylab unga javob topdim, bu ishni faqatgina Yolg’iz Alloh yordamida amalga oshirish mumkin!!!
Sudya bo’lib yurgan paytlarimda bir kuni Sulaymon payg’ambar, bir kuni Muso payg’ambarni tushimda ko’rdim. 2004-yil avgust oyida esa Rasuli Akramni ikkinchi marta tushimda ko’rdim. Bu tush hech qachon yodimdan chiqmaydi. Rasuli Akram bilan Germaniyada yurganmishmiz. U kishi meni qo’limdan yetaklab bir machitga o’xshash naqshinkor yog’och eshiklari bor xonaga olib kirdilar. U kishining yonlarida bo’lgan paytdagi shavqni men umrim bino bo’lib bir marta ham uchratmagandim.
Rasuli Akramdan keltirilgan hadisga ko’ra «kimki meni tushida ko’rsa, meni ko’ribdi» degan hadisga tayanilsa, garchi tushimda bo’lsa-da, Rasuli Akramning yonlarida bo’ldim va qiyoslab bo’lmas darajada quvonchga to’ldim. O’sha paytda mening yoshim o’ttiz to’qqizda bo’lib, uch farzandning otasi edim. Rasuli Akramning yonida turganimdagi shavqni tushuntirishga urinsam, o’ttiz to’qqiz yoshgacha bo’lgan barcha quvonchim bolaligimdagi chiroyli o’yinchoq, birinchi sinf, birinchi besh baho, birinchi velosiped, maktabni bitirganlikdagi oltin medal, oliygohga bitta imtihon bilan o’qishga kirish, oliygohni bitirish, visol, farzandlar tug’ilishi va boshqa quvonchlarimni jamlaganimda Rasuli Akramning oldida tuygan shavqimning 0,1 foizini tashkil qiladi, balkim undan-da kamdir.
Oradan o’n besh yilcha vaqt o’tib shuni angladimki, Alloh dunyoni ishq, muhabbat bilan yaratgandi. Uning barcha elchilarida mana shu mehr nuri bor edi. Biz ham har bir ishimizda mehr ko’rsatishimiz, bayrog’imiz mehr, tadbirlarimiz mehr ulashish niyatida bo’lsagina muvaffaqiyatga erishamiz. Bu mehrni topish yo’lini ko’rsatuvchi Qonun Qur’onni qattiq ushlasak, mustahkam halqani ushlagan bo’lamiz va in sha Alloh ikki dunyo saodatiga erishamiz.

O'tgan sonlarda

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma

Mazkur Shartnomaning ishtirokchi davlatlari Kishining kosmosga chiqishi natijasida insoniyat oldida ochilgan buyuk istiqbollardan ilhoml...