суббота, 5 октября 2019 г.

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma


Mazkur Shartnomaning ishtirokchi davlatlari
Kishining kosmosga chiqishi natijasida insoniyat oldida ochilgan buyuk istiqbollardan ilhomlangan holda,


Tinch maqsadlarda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishning rivojidan butun insoniyatning umumiy manfaatdorligini tan olib,

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanish iqtisodiy va ilmiy taraqqiyot darajasidan qatʼiy nazar barcha xalqlarning foydasini koʻzlab amalga oshirilishi lozim, deb ishonib,

Tinch maqsadlarda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishning ilmiy, shuningdek, huquqiy jihatlarida keng xalqaro hamkorlikka hissa qoʻshishni istab,

Bunday hamkorlik davlatlar va xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatlarning mustahkamlanishiga va oʻzaro anglashuvning kuchayishiga hissa qoʻshishiga ishonib,

1963-yilning 13-dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan “Kosmosni oʻrganish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy prinsiplar Deklaratsiyasi” nomli 1962 (XVIII)-sonli rezolyutsiyasini yodga olib,

Tinchlikka har qanday tahdid, tinchlikni buzish yoki agressiya harakati rejalashtirilgan yoxud bularni ragʻbatlantirish yoki qoʻzgʻatishga oʻxshash targʻibot qoralangan BMT Bosh Assambleyasining 1947-yil 3-noyabrdagi 110 (II) sonli rezolyutsiyasini hisobga olib, va ushbu rezolyutsiya kosmosga taalluqliligini nazarga olib,

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga rivojlanishiga yordam berishiga ishongan holda


Quyidagilarni kelishdilar:

1-modda
Oy va boshqa osmon jismlarini ichiga olgan holda kosmosni tadqiq etish va undan foydalanish, ilmiy va iqtisodiy rivojlanish darajasidan qatʼiy nazar, barcha davlatlarning manfaatlari va foydasini koʻzlab amalga oshiriladi hamda butun insoniyatning mulki boʻlib qoladi.
Teng huquqlilik asosida va xalqaro huquqqa muvofiq ravishda Oy va boshqa osmon jismlarini ichiga olgan holda kosmos hech bir kamsitishlarsiz barcha davlatlar uchun tadqiq etish va foydalanishda ochiqdir, va osmon jismlarining butun hududiga erkin kirish mumkin.
Oy va osmon jismlarini oʻz ichiga olgan holda kosmosda ilmiy tadqiqotlar erkinligi mavjud va Davlatlar shunday tadqiqotda xalqaro hamkorlikni yengillashtiradilar va ragʻbatlantiradilar.

2-modda
Oy va boshqa osmon jismlarini ichiga olgan holda kosmos suverenitet daʼvosi, foydalanish yoki egallab olish vositalari yoxud har qanday boshqa vositalari orqali milliy oʻzlashtirilishi mumkin emas.

3-modda
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishdagi faoliyatlarini xalqaro huquqqa, shu jumladan BMT Nizomiga muvofiq hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashdan manfaatdor holda, xalqaro hamkorlik va anglashuvni ragʻbatlantirib amalga oshiradilar.

4-modda
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari yadro quroli yoki har qanday boshqa turdagi ommaviy qirgʻin qurollarini olib yuradigan obyektlarni Yer orbitasida joylashtirmaslik, bunday qurollarni osmon jismlariga oʻrnatmaslik, yoki boshqa har qanday hollarda bunday qurolni kosmosga joylashtirmaslik majburiyatini oladilar.
Oy va boshqa osmon jismlari Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tomonidan faqat tinch maqsadlarda foydalaniladi. Osmon jismlarida harbiy bazalar, inshootlar va istehkomlar barpo qilish, har qanday qurolni sinash va harbiy mashqlar oʻtkazish taqiqlanadi. Ilmiy izlanish yoki boshqa tinch maqsadlar uchun harbiy xizmatchilardan foydalanish taqiqlanmaydi. Oy va boshqa osmon jismlarini tinch yoʻl bilan razvedka qilish uchun zarur boʻlgan har qanday uskuna yoki inshootdan foydalanish ham taqiqlanmaydi.

5-modda
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari astronavtlarni insoniyatning koinotdagi elchilari deb hisoblaydilar va ochiq dengizda yoki boshqa ishtirokchi davlat hududidagi baxtsiz hodisa yoxud falokat, favqulodda qoʻnish hollarida ularga barcha ehtimoliy yordamni koʻrsatadilar. Astronavtlar shunday qoʻnishga majbur boʻlganlarida ular kosmik transport roʻyxatga olingan davlatga xavfsiz va darhol qaytariladi.
Tashqi fazo va osmon jismlarida faoliyat olib borayotganda ishtirokchi davlat astronavtlari boshqa ishtirokchi davlatlar astronavtlariga barcha ehtimoliy yordamni koʻrsatadilar.
Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tashqi fazoda, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan, astronavtlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan har qanday fenomen haqida BMT Bosh kotibini yoki boshqa ishtirokchi davlatlarni xabardor qiladilar.

6-modda
Faoliyat davlat yoki nodavlat muassasalari tomonidan amalga oshirilish-oshirilmasligidan qatʼiy nazar, Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlaridagi milliy faoliyatlari uchun, va bu faoliyat mazkur Shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlash uchun xalqaro javobgardirlar. Nodavlat tashkilotlarning tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlaridagi faoliyatlari tegishli ishtirokchi-davlatning ruxsati va doimiy nazoratini talab qiladi. Tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlaridagi faoliyatlar xalqaro tashkilot tomonidan amalga oshirilganda, bu Shartnomaga rioya etilishi uchun javobgarlik shu tashkilot hamda unda qatnashuvchi Shartnomaning ishtirokchi davlatlari zimmasiga yuklanadi.

7-modda
Tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlariga obyekt uchiruvchi har bir ishtirokchi Davlat va hududi yoki qurilmasidan obyektni uchirgan har bir Davlat boshqa bir ishtirokchi Davlatga, uning jismoniy yoki yuridik shaxslariga mazkur obyekt yoki uning tarkibiy qismlaridan Yer yuzasida. Havo hududida yoxud tashqi fazo, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarida yetkazilgan zarar uchun xalqaro javobgardirlar.

8-modda
tashqi fazoga uchirilgan obyektni roʻyxatdan oʻtkazgan Shartnomada ishtirokchi Davlat mazkur obyekt va uning personali koinot yoki osmon jismida boʻlgan paytida ular ustidan oʻz yurisdiksiyasi va nazoratini saqlab qoladi. Tashqi fazoga uchirilgan, shuningdek osmon jismlariga qoʻngan yoki bu jismlarda qurilgan obyektlar va ularning tarkibiy qismlariga egalik huquqi ularning tashqi fazoda yoki osmon jismida ekanligi yoki Yerga qaytishi paytida daxlsiz qoladi. Uchirilgan obyektni roʻyxatdan oʻtkazgan Shartnomada ishtirokchi Davlatning chegaralaridan tashqarida topilganda bu kabi obyektlar yoki tarkibiy qismlar shu davlatga qaytariladi; mazkur davlat, soʻrov boʻyicha, qaytarilishga qadar identifikatsiya maʼlumotlarini bermogʻi lozim.

9-modda
Tashqi fazo, shuningdek Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish va ulardan foydalanishda Shartnomaning ishtirokchi davlatlari hamkorlik va oʻzaro yordam berish tamoyiliga amal qiladilar, va tashqi fazodagi barcha oʻz xatti-harakatlarini Shartnomaning boshqa barcha ishtirokchi davlatlarining tegishli manfaatlarini inobatga olib amalga oshiradilar. Shartnomaning ishtirokchi davlatlari tashqi fazo, shuningdek Oy va boshqa osmon jismlarini oʻrganishni davom ettiradilar, va ularni tadqiq etadilar, zeroki, Yerdan tashqari materiyaning kiritilishi natijasida Yer atrof-muhitidagi zararli ifloslanish va salbiy oʻzgarishlardan qochish uchun; zarur boʻlsa, bu maqsad uchun tegishli chora-tadbirlarni qoʻllaydilar. Agar ishtirokchi davlatda oʻzi yoki fuqarolari rejalashtirgan tashqi fazodagi faoliyat yoki tajriba boshqa ishtirokchi Davlatlarning tashqi fazodan tinch maqsadlarda foydalanishi va tadqiq etishidagi faoliyatlariga potensial (ehtimoliy) ziyonli aralashuvga sabab boʻlishiga asos boʻlsa, bu davlat har qanday bu turdagi faoliyat yoki tajribani davom ettirishdan oldin kerakli xalqaro maslahatlashuvlarni amalga oshiradi. Bunday asosga ega boshqa ishtirokchi davlat yuqoridagi faoliyat yoki tajriba yuzasidan maslahatlashuv oʻtkazishni talab qilishi mumkin.

10-modda
Tashqi fazo, shuningdek Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va ulardan foydalanishda xalqaro hamkorlikni ragʻbatlantirishni koʻzlab, mazkur Shartnomaning maqsadlariga muvofiq tarzda ishtirokchi Davlatlar boshqa ishtirokchi davlatlarning soʻrovlarini, qaysiki oʻzlari uchirgan kosmik obyektlarning parvozini kuzatish imkoniyati berishni nazarda tutuvchi, tenglik asosida koʻrib chiqadilar.
Bunday kuzatish imkoniyatining tabiati va uni taqdim etish shartlari mazkur davlatlar oʻrtasidagi kelishuv orqali aniqlanadi.

11-modda
Tashqi fazoni tadqiq etish va undan foydalanishda xalqaro hamkorlikni ragʻbatlantirishni koʻzlab, tashqi fazoda, shu jumladan, Oy va boshqa osmon jismlarida faoliyat olib borayotgan ishtirokchi Davlatlar bunday faoliyatlarning tabiati, xulqi, joyi va natijalari haqida BMT Bosh kotibini shuningdek jamoatchilik va xalqaro ilmiy jamiyatni xabardor qilishga kelishadilar. Aytilgan maʼlumotni qabul qilgach BMT Bosh kotibi uni darhol va samarali tarzda tarqatishga tayyor turishi lozim.

12-modda
Oy va boshqa osmon jismlaridagi barcha stansiyalar, inshootlar, jihoz va kosmik transport vositalari oʻzaro kelishuv asosida Shartnomaning boshqa ishtirokchi Davlatlari vakillari uchun ochiqdir. Tashrif buyuriladigan obyektda normal ishlashga toʻsqinlik qilmaslik va xavfsizlikni taʼminlash uchun tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazish va  maksimal ehtiyot choralari koʻrish maqsadida bu vakillar rejalashtirilgan tashrif haqida oldindan asoslantirilgan xabar beradilar.

13-modda
Mazkur Shartnomaning shartlari ishtirokchi davlatlarning tashqi fazoni, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish va foydalanishdagi faoliyatlariga, bunday faoliyat ishtirokchi davlatning oʻzi tomonidan yoki boshqa Davlatlar bilan birgalikda yoxud xalqaro hukumatlararo tashkilotlar doirasida amalga oshirilayotganidan qatʼiy nazar, qoʻllaniladi.
Tashqi fazoni tadqiq etish va undan foydalanishda xalqaro tashkilotlarning faoliyati yuzasidan kelib chiqadigan amaliy masalalar Shartnomada ishtirokchi Davlatlar va tegishli xalqaro tashkilot yoki mazkur tashkilotga aʼzo, ayni paytda ushbu Shartnoma ishtirokchisi ham, boʻlgan bir yoxud undan koʻp davlatlar tomonidan hal qilinadi.

14-modda
1.           Mazkur Shartnoma imzolash uchun barcha davlatlarga ochiqdir. Ushbu moddaning 3-qismiga muvofiq Shartnoma kuchga kirishiga qadar Shartnomani imzolamagan har qanday davlat unga har qanday paytda qoʻshilishi mumkin.
2.           Mazkur Shartnoma uni imzolagan davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Ratifikatsiya yorliqlari va qoʻshilish hujjatlari Shartnomaga binoan depozitariy hukumatlar – Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi va Amerika Birlashgan Shtatlarining Hukumatlariga saqlash uchun topshiriladi.
3.           Mazkur Shartnoma beshta Hukumatning, shu jumladan Shartnomaga binoan depozitariy hukumatlarning ratifikatsiya yorliqlari saqlash uchun topshirilgach kuchga kiradi.
4.           Ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish hujjatlarini mazkur Shartnoma kuchga kirgandan soʻng saqlash uchun topshirgan Davlatlar uchun Shartnoma ularning ratifikatsiya yorliqlari yoki qoʻshilish hujjatlari topshirilgan sanada kuchga kiradi.
5.           Depozitariy Hukumatlar Shartnomani imzolash sanasi, har bir ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish hujjatini saqlash uchun topshirish sanasi, uning kuchga kirish sanasi va boshqa bildirishnomalar haqida Shartnomani imzolagan va qoʻshilgan Davlatlarni darhol xabardor qiladilar.
6.           Mazkur Shartnoma depozitariy Hukumatlar tomonidan BMT Ustavining 102-moddasiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkaziladi.

15-modda
Shartnomaning istalgan ishtirokchi Davlati bu Shartnomaga tuzatishlar kiritishni taklif qilishi mumkin. Ularni qabul qilgan har bir ishtirokchi davlat uchun tuzatishlar Shartnomada ishtirokchi davlatlarning koʻpchiligi tomonidan qabul qilingandan soʻng kuchga kiradi, bundan keyin esa qolgan har bir ishtirokchi davlat uchun ular qabul qilingan sanada.

16-modda
Shartnomada ishtirokchi har qaysi Davlat Shartnoma kuchga kirganidan bir yil oʻtgach oʻzining Shartnomadan chiqayotganligi xabarini depozitariy Hukumatlarga yozma tarzda berishi mumkin. Bu xabar olinganidan bir yil oʻtgach Shartnomadan chiqish kuchga kiradi.

17-modda
Ingliz, rus, fransuz, ispan va xitoy tilidagi matnlari teng kuchga ega mazkur Shartnoma depozitariy Hukumatlarning arxivlariga saqlash uchun topshiriladi. Ushbu Shartnomaning tegishlicha tasdiqlangan nusxalari depozitariy hukumatlar tomonidan uni imzolagan va unga qoʻshilgan davlatlarning Hukumatlariga topshiriladi.

Ushbuni tasdiqlab tegishli vakolatga ega quyida imzo chekuvchilar mazkur Shartnomani imzoladilar.

1967-yil yanvar oyining 27-kunida London, Moskva va Vashington shaharlarida uch nusxada tuzildi.

суббота, 8 июня 2019 г.

39 yashar kosmik javobgarlik konvensiyasi yangilanishga muhtoj


Kristofer Monro, “Rome Monday”, 2011 – yil 11 – aprel


Kosmik chiqindilar kabi yangi va endi paydo bo’layotgan tahdidlarni hisobga olish uchun xalqaro javobgarlik to’g’risidagi konvensiya yangilanishga qattiq muhtojdir. Bu haqida Rimdagi konferensiyada kosmos bilgichlari (ekspertlari) tinglashdi.
BMTning Kosmik fazodan tinch maqsadlarda foydalanish bo’yicha Qo’mitasi tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro javobgarlik to’g’risidagi konvensiya hozir o‘zining eskirganini ko’rsatishni boshlayapti, deydi Pol Friman – “Geyts va Sheriklari” aerokosmik huquq firmasi sherigi.
“Uning qoidalari ba’zi kerakli narsalarni e’tibordan chetda qoldiradi”, deb hisoblaydi P.Friman, va buni konvensiya kosmos atrof muhiti masalalari kabi xavflarni qamrab olmagani bilan va u xususiy tashkilotlar – tijoriy sun’iy yo’ldosh operatorlarini hisobga olmay, faqat davlat javobgarligiga qo’llanishi bilan tushuntiradi. Shuning uchun, butun kosmik sanoat bir joyga yig’ilishi va ba’zi tuzatishlar ustida ishlashi zarur, - deydi Friman, – ayniqsa, yaqin soha bo’lmish aviatsiya bozori ishidagi javobgarlik rejimlariga yetib olishiga eltuvchi ahamiyatli yo’l bor.
“Turgan gapki, biz davlatlar, operatorlar, sug’urtachilar va huquq umumiyligini ko’rib chiqishga va yaqin kelajakda haqiqatga aylanuvchi zamonaviyroq tizimni ta’minlashga muhtojmiz.
Konvensiyaning esdan chiqqan aspektlaridan biri bu uning chiqindilarni kamaytirish murakkabliklari bilan shug’ullanish imkoniyatidir”, - deydi u.
Bu alohida mavzu, tashvishdir, ayniqsa, so’nggi besh yilda kosmik chiqindilar miqdori 30%ga oshganligi va hozirda Yer orbitasidagi obyektlarning 90%dan ortiqrog’i chiqindi ekanligi faktini e’tiborga olganimizda.
“Yaxshisi, konvensiyani aviatsiya sohasidagi javobgarlikni tartibga solish maqsadida qabul qilinib, rivojlantirilgan va takomillashgan shartnomalar bilan taqqoslab bo’lmaydi”, deb qo’shimcha qildi Friman.
Agar kelajak huquqiy tartibi rivojlantirilsa, uning aytishiga ko’ra, Birlashgan Qirollik (Buyuk Britaniya) mamlakatdagi kosmik operatorlar uchun cheklanmagan javobgarlik qonunlarini bekor qilish rejalari bilan to’g’ri yo’lda ketadi, bu yo’l – unchalik ham uzoq bo’lmagan kelajakda o’z mevasini berishiga umid uyg’otuvchi reja.


Maqolaning aslini quyidagi havolada o'qiy olasiz:

39 year old space liability convention needs revamp

среда, 20 февраля 2019 г.

Shveysariyada bank siri

Bizda biror huquqiy tartibni tadqiq qilishda taraqqiy etgan davlatlar tajribasiga murojaat qilish odati shakllangan.
Bu pretsedentga sodiq qolgan holda Shveysariya bank huquqida bank sirining muhofaza qilinishini o‘rganib chiqsak. 
Shveysariya bank tizimi o‘zining ishonchliligi va xavfsizligi bilan  tanilgan. Bunga u nimalar orqali erishgan?  Shveysariya banklari bank siri va mijoz shaxsining maxfiyligini mukammal saqlay olishi buning sababidir. Shuning uchun, shveysar banklarini “bank sirining bobosi” deb atashadi. Shveysariyada bank siri 1934-yilgi “Banklar va jamg‘arma banklari to‘g‘risida”gi federal Qonunga kiritildi. Mamlakatdagi bank siriga oid qonunchilikni o‘zgartirishga xalqaro bosim qilinadi, biroq shveysar ijtimoiy va siyosiy kuchlari bu bosimni imkon qadar yo‘qqa chiqarib kelmoqda. Jamiyatning siyosiy-huquqiy ongida mijoz haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish jiddiy ijtimoiy va jinoiy qilmish sifatida qaraladi. Shveysar banklarining yozilmagan ichki odob-axloq qoidalari ham mavjud bo‘lib, bank xodimlari ularga so‘zsiz amal qiladilar. Bank sirining oshkor etilishi javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi. Javobgarlik jarima to‘lash va ozodlikdan mahrum qilish kabi jazo turlari qo‘llanishida aks etadi. Jahon iqtisodiy inqirozidan so‘ng Shveysariya Yevropa Ittifoqining “Jamg‘armalar bo‘yicha direktiva”sini imzoladi. Bu direktiva shveysar banklariga Yevropa mamlakatlari oldida shaxsi aniqlashtirilmaydigan yillik soliq statistikasi haqida hisobot berish majburiyatini yukladi.  2008-yilning 3-dekabrida esa Shveysariya Federal Asssambleyasi (parlamenti) bank sirini saqlashni buzganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini 6 oydan 5 yilga ko‘tardi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Shveysariyada bank sirining huquqiy maqomiga bosim kuchayib bormoqda. “Chet el hisob raqamini soliqqa tortishga rozilik to‘g‘risida”gi Qonun (AQShliklar nazarda tutilgan) bunga misol bo‘ladi. Mazkur qonun loyihasi parlamentda ikki marta qaytarilgandan so‘ng qabul qilingan. Mazkur qonunga asosan shveysar banklari AQSh Ichki soliq xizmatiga shaxsi aniqlashtirilmaydigan amerikalik mijoz haqidagi ma’lumotlarni berish majburiyatini oladi. Biroq, mijoz o‘zi haqidagi ma’lumotlarni Ichki soliq xizmatiga berishga ruxsat bermasa, shveysar qonunchiligi bu oshkor etilishni taqiqlaydi. Bu vaziyatda Shveysariya banklari mijozning faqat soliqqa tegishli ma’lumotlarini yuboradi, ammo batafsil axborotlarni oshkor etish taqiqlanadi (“Banklar va jamg‘arma banklari to‘g‘risida”gi federal Qonunning 47-moddasi).
2015-yilda Shveysariya Germaniya, Avstriya va Buyuk Britaniya bilan ikki tomonlama kelishuvlarga erishgan bo‘lib, bu kelishuvlar xorijlik mijozlarga o‘z anonimligini saqlab qolish imkoniyatini beradi, lekin oldindan belgilab qo‘yilgan soliq qarzlarini to‘lashlari lozim. 2017-yilda esa Shveysariya Bank faoliyati axborotlarini avtomatik almashinish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyani ratifikatsiya qildi. Bu bilan muayyan davlatlarga faqatgina soliq auditi maqsadida cheklangan moliyaviy ma’lumotni berishga rozi bo‘ldi. Shuningdek, shveysar banklari avtomatik tarzda mijoz nomi, manzili, yashash joyi, soliq raqami, tug‘ilgan sanasi, hisob raqami, yil yakunidagi hisob balansi va jami investitsiyaviy foydasi haqidagi axborotni chet el soliq organlariga berishga ham majburdirlar. Ammo bu bilan 1934-yilgi Bank qonuniga zid harakatlar kuzatilmaydi, chunki mijozning xarajatlari va investitsiyalari oshkor qilinmaydi. Bank sirini muhofaza qilishni yaxshilash maqsadida 2017-yil dekabrida Shveysariya parlamenti qonunchilik tashabbusi bilan chiqqan. Tashabbusga ko‘ra bank sirini Konstitutsiyaga kiritish  va uni federal himoya qilinadigan konsititutsiyaviy huquqqa aylantirish ko‘zlangan edi. Ammo bu tashabbus hali oldinga siljigani yo‘q. Shunday qilib, Shveysariya bank huquqi bank sirini muhofaza qilishda katta tajribaga ega va bu boshqa mamlakatlar bank tizimi uchun na’muna bo‘la oladi.

суббота, 26 января 2019 г.

Bank siri vs tijorat siri

Bank siri haqida gapirar ekanmiz, ba’zi hollarda uni tijorat siri bilan chalkashtirib yuborish hollariga duch kelamiz. Bu ikki tushuncha naqadar o‘xshash bo‘lmasin, yuridik tabiati jihatidan keskin farqlanadi.
Birinchidan, bank siri faqat bank faoliyatiga oid tushuncha bo‘lsa, tijorat siri keng sohalarni qamrab oladi (fan-texnika, sanoat, moliya-iqtisodiyot va b.).
Ikkinchidan, tijorat sirida taraflar ham turlichadir: tijorat sirining mulkdori, konfident va uchinchi shaxslar.
Uchinchidan, tijorat siri mazmun va hajmga ega, ustiga-ustak, ularni uning mulkdori belgilaydi. Bank sirida esa o‘zgacha; to‘g‘ri, unda ham mazmun va hajm mavjud, biroq, ularni hech kim belgilamaydi. Ya’ni, bank sirining mazmun va hajmi tabiiy holatda mavjuddir.
To‘rtinchidan, tijorat sirini muhofaza qilish muddati shartli ravishda bo‘lsa-da mavjud: “… muhofaza qilish tijorat sirining maxfiyligi yo‘qoladigan paytga qadar uning mulkdori yoki konfident tomonidan amalga oshiriladi” (“Tijorat siri to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasi). Bank siri esa muddatsiz muhofaza qilinadi.
Yana bir farqi shundaki, bank siri mijoz va bank o‘rtasidagi munosabatlarni qamrab olib, alohida talablarga ega bo‘lmagani holda, tijorat siri boshqalarga noma’lumligi tufayli o‘z mulkdori uchun haqiqiy yoki potensial tijorat qiymatiga ega bo‘lish(1), hammaga ma’lum yoki hamma uchun ochiq bo‘lmaslik(2), maxfiyligini ta’minlash choralari ko‘rilgan bo‘lish(3), davlat sirlariga ega bo‘lmaslik(4) kabi talablarga ega. Tijorat siri o‘z mulkdoriga moddiy manfaat keltiradi, uni boshqa shaxsga (konfidentga) shartnoma asosida foydalanishga berishi ham mumkin. Bank sirida bunday emas, chunki bank siri o‘z egasining mavjud moliyaviy holatini aks ettiradi, boshqacha aytganda, unda potensial tijorat qiymati bo‘lmaydi. Shunday qilib, bank siri va tijorat siri o‘xshash xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, bir-biridan mustaqil tushunchalarni anglatib, alohida huquqiy institutlar sanaladi.

Bank siri tushunchasi

Bank siri instituti bank huquqining uzviy  qismi bo‘lib, banklar va mijoz o‘rtasidagi munosabatlarning barqaror va mustahkam bo‘lishini ta’minlaydi.

Bank huquqida bank siri institutining mavjudligi real hayot va qonunchilik talabi bo‘lib, usiz bank huquqi o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Zero, bank bilan munosabatlarga kirishayotgan mijoz o‘z omonatlari, amalga oshirayotgan bank operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarning begonalarga oshkor bo‘lishidan manfaatdor bo‘lmaydi. Bunday holat mijozda bankka bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi. Shuning uchun, davlat bank siri muhofaza qilinishini qonunchilik bilan belgilab qo‘ygan.
Bank siri tushunchasiga ta’rifni qonunchilikdan olish mumkin. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi normalariga murojaat qiladigan bo‘lsak, banklar bank hisobvarag‘i va bank omonati, hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar hamda mijoz haqidagi ma’lumotlarni sir saqlashni kafolatlashi belgilangan. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasi mijozlarning operatsiyalari, hisobvaraqlari va jamg‘armalariga oid ma’lumotlarning sirligini kafolatlash banklar zimmasida ekanligini mustahkamlagan. 2003-yilga kelib iqtisodiyotda bozor instrumentlarini ko‘proq joriy qilish, bank va mijoz munosabatlarining istiqbolliligini ta’minlash, fuqarolar qo‘lidagi mablag‘larni bank omonatiga tezroq jalb qilish kun tartibidagi masalaga aylanib bordi. Shu yili “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unda bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar ro‘yxati belgilab qo‘yildi:
 mijozlarning operatsiyalari, hisobvaraqlari va omonatlariga oid ma’lumotlar;
 mijozga bank xizmatlari ko‘rsatilishi tufayli ushbu mijozdan olingan ma’lumotlar;
 mijozning bank seyflari hamda binolarida saqlab turilgan mol-mulki haqidagi ma’lumotlar;
 amalga oshirilgan banklararo operatsiyalar va bitimlarga oid ma’lumotlar (mijoz topshirig‘iga binoan yoki uning foydasi uchun amalga oshirilgan bo‘lsa);
 banklar o‘rtasidagi operatsiyalarda ma’lum bo‘lib qolgan, boshqa bankning mijoziga tegishli ma’lumotlar;
 jamg‘arib boriluvchi pensiya tizimidagi ma’lumotlar (pensiya badallari miqdori, summalar harakati, pensiya jamg‘armalari ishtirokchilari).
Mazkur 3 qonun hujjatida bayon etilgan “bank siri” ta’rifiga e’tibor qilsak, tadrijiy jarayonni ko‘ramiz, ya’ni tushuncha ta’rifi bosqichma-bosqich rivojlantirib borilgan. Shunday qilib, bank tizimi xizmatidan foydalanuvchi mijoz va bank munosabatlari haqidagi ma’lumotlar maxfiy saqlanishi kerak, ayni paytda, bunday muhofaza ostidagi axborotlar bank sirini tashkil qiladi. Doktrinada ham shu mazmundagi ta’riflar berilgan bo‘lib, qonunchilik shu doktrinalar ustida qurilgani buni asoslaydi.
Bank sirini oshkor qilishdan tiyilish lozim. Bank siri qay tarzda oshkor qilinishi mumkin va buni kimlar amalga oshirishga qodir?
Bank sirini oshkor qilish turlicha yo‘nalishda yuz berishi mumkin. Masalan, bu turdagi ma’lumotlar OAVda, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va Internet saytlarida e’lon qilinadi. Bank siri hisoblanmish ma’lumotlar og‘zaki tarzda tarqatib yuboriladi, buni yozma shaklda amalga oshirish ham mumkin. Bu vaziyatda uchinchi shaxslar bevosita yoki bilvosita bank siridan voqif bo‘lib qoladilar.
Bank sirining tasodifan oshkor bo‘lib qolishi kam hollarda yuz beradi. Aksar holatda bunday ma’lumotlarga erishish uchun harakat qilinadi. Tabiiyki, bundan g‘arazli maqsadlar ko‘zlanadi. Shundan kelib chiqib, uchinchi shaxslarning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi uchun ularga bevosita yoki bilvosita imkoniyat yaratib berish ham bank sirining oshkor qilinishidir. Ba’zida esa bank siridan qonuniy xabardor bo‘lgan mansabdor shaxs o‘z kasb majburiyatlariga sovuqqonligi, ehtiyotsizligi tufayli maxfiy axborot saqlanish tartibi buziladi. Mazkur holatda bank sirining oshkor bo‘lib qolishi uchun sharoit yuzaga keladi. “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasi buni ham bank sirining oshkor etilishi deb belgilagan. Biz uchinchi shaxslar haqida fikr yuritar ekanmiz, kimlar uchinchi shaxs ekanligini ham aniqlashtirib olishimiz kerak. Qonunchilikka ko‘ra quyidagi shaxslar – bank, uning mijozi(vakili) va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan tashqari barcha shaxslar uchinchi shaxs hisoblanadi.
Bank sirining oshkor qilinishiga olib keladigan harakatlarni amalga oshirish mumkin emas. Bu qonunchilik bilan taqiqlangan, ya’ni xizmat vazifasini bajarish chog‘ida shaxs o‘ziga ishonib topshirilgan, ma’lum bo‘lib qolgan, qonuniy tartibda taqdim qilingan bu ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas. Shuningdek, ulardan shaxsiy maqsadda yoki uchinchi shaxslarning manfaati yo‘lida foydalanish ham qonunan taqiqlangan. Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratishni ham unutmaslik kerak: “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi Markaziy bankka bir qancha vazifalarni yuklagan, jumladan, banklar faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish, ularni nazorat qilishni ham. Markaziy bank bu vazifalarni bajarishi davomida bank siriga doir ma’lumotlardan boxabar bo‘lib qolishi mumkin. “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonun Markaziy bankka bu ma’lumotlarni oshkor etmaslik va taqdim qilmaslik majburiyatini yuklagan (Ushbu Qonunning 6-moddasi).
Bank siri muhofaza qilinsagina, uning ahamiyati saqlanadi. Majozan aytganda, sir kimda bo‘lsa, o‘sha o‘ziga mahkam bo‘lishi lozim. Tabiiyki, bank sirining muhofaza qilinishi bank tomonidan kafolatlanadi. Bu kafolatning in’ikosi sifatida yuqorida tilga olingan Qonundagi choralarni ko‘rsatish joiz. Jumladan, bank rahbarlari va xodimlariga o‘z vazifalarini bajarishi orqasidan ma’lum bo‘lib qolgan axborotlarni oshkor qilish va g‘arazli niyatlarda uchinchi shaxslarga berish taqiqlanadi (7-modda). Bu norma bilan go‘yoki mazkur Qonunning 6-moddasidagi norma takrorlangandek ko‘rinadi, biroq shunga e’tibor qaratish kerakki, 6-moddada yuqoridagi harakatlarni bajarish taqiqlanadi. 7-moddada esa bu qilmishni bajarishi mumkin bo‘lgan subyektlarga urg‘u berilib, yuqoridagi norma mazmuni ochiladi. Yana bir narsani unutmaslik kerakki, bank rahbari yoki xodimi ishdan bo‘shashi (bo‘shatilishi) sababli bank sirini oshkor qilmaslik majburiyatidan ozod bo‘lmaydi. Ya’ni, bank bilan mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin ham u bank sirini oshkor qilmaslikka majbur. Ayni paytda, bank sirini tashkil etadigan ma’lumotlarning keraklicha saqlanishi uchun tashkiliy va texnikaviy choralar ko‘rishga, tadbirlar qo‘llashga bank mas’ul sanaladi.
Bank sirini oshkor qilish taqiqlanishini tushundik, biroq qonunda belgilab qo‘yilgan shunday holatlar borki, bank siri muayyan vaziyatlarda ma’lum bir shaxslarga taqdim qilinadi. Bu qonuniy asoslarsiz bo‘lmaydi, albatta. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda belgilanishicha, yuridik shaxsning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar uning o‘ziga, prokurorga, sudlarga, jinoiy ish doirasida esa surishtiruv va tergov organlariga beriladi. Jismoniy shaxslarning bank siri doirasidagi ma’lumotlari uning o‘zi, sudlar, surishtiruv va tergov organlariga berilishi mumkin (38-modda). “Bank siri to‘g‘risidagi” Qonun esa bu holatlarni batafsil bayon qiladi.
Jinoiy daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish uchun kerak bo‘lgan axborot (bank siri) maxsus vakolatli davlat organiga taqdim qilinadi. Tabiiyki, buning uchun belgilangan tartibga amal qilinishi va zaruriy vaziyat (masalan, ommaviy qirg‘in qurolini sotib olishga urinish)  mavjud bo‘lishi kerak. Shu qatorda, Hisob palatasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Adliya vazirligi, kredit byurolariga ham bank siriga doir axborot taqdim etilishi mumkin, lekin esda tutish kerakki, bunga faqat ushbu tashkilotlarga yuklatilgan vazifani bajarish doirasidagina va belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, bank sirini olishga haqli bo‘lganlar qatoriga davlat ijrochisi va davlat soliq xizmatchisi ham kiradi. Ular bank mijoziga soliq solish yoki unga nisbatan qo‘zgatilgan ijro ishi doirasidagina axborot olishlari mumkin. Shunday qilib, bank siriga kiruvchi ma’lumotlar ularni so‘ragan organga qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda konvertda yoki axborot tizimi orqali elektron hujjat shaklida taqdim qilinadi. Konvert yopiq va muhrlangan, elektron hujjat bo‘lganda esa himoyalangan aloqa kanallari vositasida yuborilgan bo‘lishi shart.

O'tgan sonlarda

Kosmosni tadqiq etish va undan foydalanishda davlatlar faoliyatini tartibga soluvchi tamoyillar toʻgʻrisidagi Shartnoma

Mazkur Shartnomaning ishtirokchi davlatlari Kishining kosmosga chiqishi natijasida insoniyat oldida ochilgan buyuk istiqbollardan ilhoml...